Davlat fuqarolik xizmatida faoliyat samaradorligini baholash: xorijiy tajriba, milliy amaliyot  

15:15 - 29 Noyabr 2022 Yangiliklar
3411

Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi davomida har bir davlat xizmatchisining faoliyatida samaradorlik va natijadorlik bo‘lishi kerakligini alohida taʼkidlamoqda.

Xususan, mamlakat rahbarining Natijadorlik hammamiz uchun bosh talab, asosiy mezonga aylanmoqda”[1] “Amaliy natijadorlik va xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hukumatning har bir aʼzosi faoliyatini baholashning asosiy mezoni bo‘ladi”[2], “Hozirgi kunda davlat fuqarolik xizmatida 118 ming kishi mehnat qilayapti. Lekin, natijadorlik bo‘yicha aytganda, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q”[3] kabi daʼvatlari shular jumlasidandir.

Taʼkidlash lozimki, o‘tkazilgan tahlillar, mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, bugungi kunda davlat organlari hamda unda faoliyat ko‘rsatayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatida ayrim muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan, faoliyatga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifa va funksiyalar yuklatilayotganligi, baholash bo‘yicha yagona tizimning mavjud emasligi, aniq mezonlar va indikatorlarning belgilanmaganligi har bir davlat organining, davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining natijadorligi hamda samaradorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Ana shu muammo va kamchiliklarni bartaraf qilinishi bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ular asosida faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga ehtiyoj yuzaga kelmoqda.


KPI tarixi va uning amaliyotga joriy etilishi
 

Xalqaro tajribada davlat xizmatining samaradorlik ko‘rsatkichlari KPI – Key Performance Indicators – eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab kelinmoqda.

KPI – bu tashkilot (idora, muassasa va korxona)lar va xizmatchilar faoliyatini belgilangan talab darajasida olib borilishini yoki belgilangan maqsadga erishishni nazorat qiluvchi, baholovchi samaradorlik yoki natijadorlik ko‘rsatkichi deb ham yuritiladi. Qisqacha aytganda, KPI - belgilangan maqsad bo‘yicha “o‘lchov moslamasi” hisoblanadi.

Ingliz tilida mazkur tushunchalar “samaradorlik ko‘rsatkichlari” (“performance indicators”), “eng muhim natijadorlik ko‘rsatkichlari” (“key results indicators - KRI”) va “muvaffaqiyatning muhim faktorlari” (“critical success factors”) kabi tushunchalar bilan izohlanadi.

KPI haqidagi ilk tushunchalar XX asrning 50-yillarida Piter Drukerning “Maqsadga sari boshqarish” g‘oyasi asosida shakllana boshladi.

Uning fikricha, natijadorlikka erishish uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari bilan alohida shug‘ullanish kerak. Rahbarlarni kundalik ishlar bilan band qilmasdan, belgilangan ustuvor vazifalar hamda asosiy maqsad sari faoliyat olib borishi uchun samara beradigan ko‘rsatkichlar bilan shug‘ullanish kerakligini taʼkidlagan.

KPIga qarab rahbar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish orqali ish samaradorligini yana-da oshirish tizimi Yevropada dastlab 1970-yillarda ro‘y bergan iqtisodiy inqiroz davrida vujudga kelgan. Sababi, Fransiya, Germaniya, Portugaliya kabi Yevropa davlatlarida davlat xizmatchilarining ish haqlari xususiy sektordagilarga nisbatan ancha past bo‘lgan. Ish haqini oshirish uchun esa soliqlarni yana-da oshirish talab qilingan.

Taʼkidlash lozimki, iqtisodiy inqiroz davrida soliqlarni oshirish emas, aksincha xususiy sektorga imtiyozlar berish orqali iqtisodiyotni ko‘tarish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shunday murakkab vaziyatda malakali kadrlarni davlat tizimida saqlab qolish va davlat boshqaruvi tizimida ish samaradorlikni yana-da oshirish uchun yangicha boshqaruv tizimiga o‘tish davr talabiga aylangan.
 

O‘zbekistonda KPI tizimini yo‘lga qo‘yilishi...

 

Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatida faoliyat samaradorligini baholashga oid dastlabki huquqiy asos O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi PF-5843-son “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hisoblanadi.

Unga ko‘ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri sifatida davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning o‘lchanadigan indikatorlari (eng muhim ko‘rsatkichlari) tizimini joriy etish va ularning natijalarini tahlil qilish, jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirish belgilangan.

Bu borada Agentlik tomonidan tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlarining hamda sektorlar rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligini baholash tizimini joriy qilish asosida ularning ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 100 dan ortiq seminar-treninglar tashkil etildi.

Taʼkidlash lozimki, 2020-yilda sinov tariqasida respublikaning 12 ta tuman (shahar)larida, 2021-yildan esa barcha tuman (shahar)larda hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi joriy etildi va 64 ta ko‘rsatkichlar asosida har chorakda baholandi.

Jumladan, 2021-yil yakuni bilan 80% hokim o‘rinbosarlari 2020-yilga nisbatan reytingi yaxshilanishiga erishgan bo‘lsa, 2021-yil yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, jami 1202 nafar hokim o‘rinbosarlaridan 782 (65%) nafari yaxshi, 334 (28%) nafari qoniqarli, 86 (7%) nafari qoniqarsiz[4] natijalarni qayd etgan. Agentlik tomonidan tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligini baholash ishlari tizimli ravishda takomillashtirilib, 2022-yildan boshlab yangicha baholash tizimi joriy qilindi.

Unga ko‘ra, “Tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlarining faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashning vaqtinchalik tartibi” joriy qilindi.

Mazkur tartibga ko‘ra, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan har yarim yillik yakuni bilan baholanadi.

Shuningdek, yangicha tartibga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining soha bo‘yicha o‘rinbosarlari tuman (shahar) hokimlari bilan kelishgan holda hisobot davridan oldin hokim o‘rinbosarlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) vaznlarini hududning salohiyatidan hamda vazifalarning dolzarbligidan kelib chiqib belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi 44 ta KPI ko‘rsatkichlaridan iborat umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.

2022-yil 1-yarim yillik yakuni bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra 191 ta tuman (shahar) hokimlarining (Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari) 1 115 nafar hokim o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi baholandi. Hokim o‘rinbosarlarining 681 nafari (61,1%) “yaxshi”, 427 nafari (38,3%) “o‘rta”, 7 nafari (0,6%) “past” natija[5] ko‘rsatgan.

Taʼkidlash lozimki, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha KPIning maqsadli va amaldagi ko‘rsatkichlarini shakllantirish va taqdim etilishida vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari masʼul ekanligi belgilandi.

Qolaversa, Agentlik tomonidan 2022-yil uchun tuman (shahar) sektorlar rahbarlari faoliyatining samaradorligini baholashning “Mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) sektor rahbarlari faoliyatining samaradorligini baholash to‘g‘risidagi Tartib ishlab chiqildi.

Mazkur yangicha tartibga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida sektorlar tashabbuslarini baholash bo‘yicha ishchi organ (Komissiya) tashkil etildi.

Ushbu komissiya sektorlar tashabbusi bilan mahallalarda amalga oshirilgan ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rganadi va o‘n ballik tizimda baholaydi.

Shuningdek, sektorlarga yuklatilgan vazifalarning samaradorligini baholashdan tashqari, ularning sohaviy xizmat faoliyati samaradorligining baholash natijalarini ham inobatga olgan holda umumiy reyting shakllantirilishi yo‘lga qo‘yildi.

Yangicha tartibga ko‘ra, sektorlar faoliyatining samaradorligini baholashning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Bundan tashqari, MFY raislarining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasi bo‘yicha yilda ikki marotaba (iyun, noyabr) hamda aholining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasi bo‘yicha yilda bir marotaba (noyabr) Agentlik tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilishi hamda mazkur so‘rovnoma natijalari umumiy reyting shakllantirilishida inobatga olinishi belgilandi.

Taʼkidlash lozimki, MFY raislarining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasini aniqlash maqsadida joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada respublika bo‘yicha 9 mingdan ziyod MFY raislari ishtirok etdi.

Joriy yilning 9 oylik baholash natijasi bo‘yicha 820 ta sektorning 356 tasi (43,4%) yaxshi, 464 tasi (56,6%) qoniqarli natija ko‘rsatgan bo‘lsa, qoniqarsiz natija qayd etilmagan.

Sektorlar kesimida tahlil natijalariga ko‘ra, joriy yilning 9 oylik baholash natijalariga ko‘ra, 1-sektor bo‘yicha 130 tasi yaxshi, 75 tasi qoniqarli, 2-sektor bo‘yicha 111 tasi yaxshi, 94 tasi qoniqarli, 3-sektor bo‘yicha 61 tasi yaxshi, 144 tasi qoniqarli, 4-sektor bo‘yicha 54 tasi yaxshi, 151 tasi qoniqarli[6] hisoblanadi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-21-aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida mahallabay ishlash tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Dehqonobod va Koson tumanlari sektor rahbarlari o‘rtasida musobaqa o‘tkazish topshirig‘i berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosi taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan yangi tizimni samarali tashkil etish bo‘yicha Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Dehqonobod va Koson tumanlari sektor rahbarlari o‘rtasida musobaqa o‘tkazishning Vaqtinchalik tartibi ishlab chiqildi hamda 2022-yil 29-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Ichki ishlar vaziri, Davlat soliq qo‘mitasi raisi va Qashqadaryo viloyati hokimining Qo‘shma qarori bilan tasdiqlanib, ijroga qaratildi.

Joriy yilning 2-choragi yakuni bilan baholash yakunlari shuni ko‘rsatmoqdaki, umumiy reytingga ko‘ra, G‘uzor tumani sektor rahbarlari 90,5 ball, Koson tumani sektor rahbarlari 89,3 ball, Dehqonobod tumani sektor rahbarlari 86,4 ball natija qayd etgan.

3-chorak yakuniga ko‘ra esa, G‘uzor tumani sektor rahbarlari 88,4 ball, Koson tumani sektor rahbarlari 88,8 ball, Dehqonobod tumani sektor rahbarlari 83,4 ball natija[7] ko‘rsatgan.

Maʼlumot o‘rnida, mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Dehqonobod va Koson tumanlari sektor rahbarlari o‘rtasida musobaqa g‘olibiga yil yakunida tumandagi mahalla fuqarolari yig‘inlari uchun bino qurishga viloyat mahalliy byudjetidan 5 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi rejalashtirilgan.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan KPI tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar.
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” qabul qilindi.

Ushbu Strategiyaning 10-maqsadi “Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish”ga bag‘ishlangan bo‘lib, davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi bo‘yicha “Milliy reyting” tizimini joriy etish belgilandi.

Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash uslubiyati” loyihasi tayyorlandi va Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kiritildi.

Mazkur Uslubiyatda baholash tizimini joriy etish bosqichlari, baholash tizimini joriy etishni tashkillashtirish, KPIning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, amaldagi KPIni hisoblash, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini baholash mexanizmi, faoliyat samaradorligini baholashning boshqa metodi (baholash intervyusi), shikoyat qilish tartibi kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.

Taʼkidlash lozimki, kelgusida Uslubiyat asosida baholash tizimini joriy etilishi barcha darajadagi davlat organi, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligi “zanjir uslubi”da kompleks baholanadi, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar bajarilishi bitta tizimda mustahkamlanadi. Baholash tizimi bo‘yicha jarayonlar to‘liq raqamlashadi.

Qolaversa, har qanday rag‘batlantirish, lavozimda ko‘tarilish hamda taʼsir choralarini qo‘llashga asos sifatida faoliyat samaradorligi natijalari hisobga olinadi. Butun vertikal tizim bo‘ylab harakatlanadigan yagona baholash tizimi yaratiladi.

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda samaradorlik.uz elektron platformasi yaratildi hamda amaliyotga joriy qilish choralari ko‘rilmoqda.
 

 “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda baholash tizimi masalalari

Mazkur Qonunning 36-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining samaradorligini baholash”ga bag‘ishlangan bo‘lib, unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini taʼminlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

Davlat organi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash uslubiyatiga muvofiq faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘z ichki tartibini belgilaydi.

 

KPI tizimiga oid xorijiy davlatlar tajribasi
 

KPI tizimi asosida ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasida bir qator yutuqlarga erishilganligi kuzatiladi. Mazkur xorijiy amaliyotni o‘rganish natijasida milliy tajribada qo‘llanishi mumkin bo‘lgan jihatlar ko‘zga tashlanadi.

XX asrning 90-yillariga kelib, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Kanada, AQSH kabi davlatlar birinchilardan bo‘lib, KPI tizimidan davlat xizmatchilarining ish samardorligiga qarab moddiy rag‘batlantirishda foydalana boshladi. Avval bu tizim o‘rta va yuqori bo‘g‘in rahbarlarida sinovdan o‘tkazildi va 2004-yilda butun Yevropa mamlaktlari davlat xizmatchilari uchun tashkilot maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda KPI tizimi tatbiq etildi.

Davlat xizmatchilari faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha rag‘batlantirish tizimini amalga oshirish hamda uning muvaffaqiyatli ishlashi uchun Yevropa mamlakatlarida alohida qo‘mitalar tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki bugungi tezkor axborot va globallashuv davrida boshqaruv kadrlari tizimida KPI mexanizmini to‘g‘ri qo‘llash, kutilayotgan natijaga erishishda, davlat va jamiyatning rivojlanishida ijobiy samara beradi.

Bu yangi baholash tizimi bugungi yangi O‘zbekistonning islohotlari bosqichida zarur. Chunki davlat rivojida malakali va professional kadrlarning o‘rni beqiyos. Baholash tizimini shaffof ishlashi har bir davlat xizmatchisining qo‘lida. Tizim qanchalik adolatli yo‘lga qo‘yilsa, bu faqat xalq farovonligiga xizmat qiladi.

 

Asror Muxitdinov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring

qilish va baholash departamenti mudiri

 


[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, 24.01.2020 president.uz/uz/lists/view/3324.

[2] Amaliy natijadorlik va xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish – asosiy mezon 21.01.2020 president.uz/uz/lists/view/3305.

[3] Ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi 04.08.2022 president.uz/uz/lists/view/5398.

[4] 2021-yil yakuni bo‘yicha baholash natijalari asosida tayyorlangan maʼlumotlar asosida

.[5] 2022-yilning 9 oylik baholash natijalari bo‘yicha tayyorlangan maʼlumotlar asosida.

[6] 2022-yilning 9 oylik baholash natijalari bo‘yicha tayyorlangan maʼlumotlar asosida.

[7] 2022-yilning 9 oylik baholash natijalari bo‘yicha tayyorlangan maʼlumotlar asosida.

 

 

 

 

Chop etish