Davlat xizmatchilari faoliyat samaradorligini baholash — davr talabi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlament va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida endilikda barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab borilishini maʼlum qildi.
Qayd etish lozimki, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2020-yilda sinov tariqasida Respublikaning 12 ta tuman (shahar)larida, 2021-yildan esa barcha tuman (shahar)larda hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi joriy etildi.
Shuningdek, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligini baholash ishlari tizimli ravishda takomillashtirilib, 2022-yildan boshlab baholashning yangicha tizimi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan har yarim yillik yakuni bilan baholanmoqda.
Qolaversa, Agentlik tomonidan “Mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) sektor rahbarlari faoliyatining samaradorligi baholab borilmoqda.
Bundan tashqari, aholining hamda MFY raislarining sektorlar faoliyatidan qoniqish darajasini aniqlash maqsadida yilda ikki marotaba (iyun, noyabr) Agentlik tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilmoqda hamda mazkur so‘rovnoma natijalari umumiy reyting shakllantirilishida inobatga olinmoqda.
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” qabul qilindi.
Ushbu Strategiyaning 10-maqsadi “Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish”ga bag‘ishlangan bo‘lib, davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi bo‘yicha “Milliy reyting” tizimini joriy etish belgilandi.
Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash Uslubiyati” loyihasi tayyorlandi va ushbu hujjat qonunchilikda belgilangan tartibda manfaatdor idoralar bilan kelishilgan holda Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kiritildi.
Mazkur Uslubiyatda baholash tizimini joriy etish bosqichlari, baholash tizimini joriy etishni tashkillashtirish, KPIning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, amaldagi KPIni hisoblash, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini baholash mexanizmi, faoliyat samaradorligini baholashning boshqa metodi (baholash intervyusi), shikoyat qilish tartibi kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Taʼkidlash lozimki, kelgusida Uslubiyat asosida baholash tizimini joriy etilishi barcha darajadagi davlat organi, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligi “zanjir uslubi”da kompleks baholanadi, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar bajarilishi bitta tizimda mustahkamlanadi. Baholash tizimi bo‘yicha jarayonlar to‘liq raqamlashadi.
Qolaversa, har qanday rag‘batlantirish, lavozimda ko‘tarilish hamda taʼsir choralarini qo‘llashga asos sifatida faoliyat samaradorligi natijalari hisobga olinadi. Butun vertikal tizim bo‘ylab harakatlanadigan yagona baholash tizimi yaratiladi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “samaradorlik.uz” elektron platformasi yaratildi hamda amaliyotga joriy qilish choralari ko‘rilmoqda.
Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash tizimini joriy etilishi kelgusida aholining iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini samarali hal etishga xizmat qilishi bilan birgalikda, har bir davlat organlari va tashkilotlarining oldiga qo‘yilgan vazifa va funksiyalarni yuqori surʼatlarda bajarilishiga zamin yaratadi hamda xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy baho bo‘lib hisoblanadi.
Asror Muxitdinov,
Agentlikning Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri