Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlar stajirovka o‘tashdi
Stajirovka 2 hafta davomida mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2022-yilning 4-avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Agentlikka mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan yuqori natijalarga erishgan 1 000 nafarini Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritish vazifasi berildi.
Salohiyatli kadrlar rezervi uchun 754 nafar hokim yordamchilari, 196 nafar yoshlar yetakchilari va 50 nafar xotin-qizlar faollari saralab olindi.
Agentlik tomonidan Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borish, ularning ichidan eng salohiyatlilarini saralash, yuqori lavozimlarga tavsiya etish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, nomzodlar bir yilga mo‘ljallangan “Shaxsiy rivojlanish rejasi”ni ishlab chiqishdi, “Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun maxsus masofaviy malaka oshirish kursi”da turli sohalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishdi.
Shuningdek, nomzodlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida stajirovka o‘tashini taʼminlash maqsadida Agentlikning hududiy filiallari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan stajirovka o‘tash grafiklari ishlab chiqildi.
Maqsad – nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda amaliyot bilan uyg‘unligini taʼminlash, o‘zlarining xizmat vazifalarini samarali amalga oshirish uchun kasbiy malaka va boshqaruv mahoratini oshirishdan iborat.
Nomzodlar 2 hafta davomida o‘zlari biriktirilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, respublika davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari (departament, boshqarma, bo‘lim) rahbarlari yoki ularning birinchi o‘rinbosarlari nazorati ostida tashkilot va uning faoliyati bilan yaqindan tanishish, ish jarayonlarida faol ishtirok etish, tashkilotning tegishli hujjatlari va materiallari bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Stajirovka yakunlari bo‘yicha nomzodlar stajirovka rahbari tomonidan maxsus baholash blankasi asosida baholandi.
Stajirovka rahbarlari nomzodlarni baholashda ularning mehnatsevarligi, intizomliligi, masʼuliyatliligi, bilim darajasi, liderlik xislatlari, kasbiy professionalizmi, odobi va muomala madaniyatiga alohida eʼtibor qaratishdi.
Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlarning “Shaxsiy rivojlanish rejasi”ning bajarilishi, masofaviy malaka oshirish kursi, tashkil etilgan o‘quv kursi hamda amaliyotni o‘tash natijalari Agentlikning maxsus elektron platformasi (zaxira.argos.uz) orqali shakllantirilib boriladi. Nomzodlarning natijalari asosida ularning reytingi yuritiladi. Reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha “oltin”, “kumush” va “bronza” zaxiralariga ajratiladi.
“Oltin” zaxiraga kiritilgan nomzodlarni bir oy muddatda xorijiy stajirovkaga yuborish va rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish ko‘zda tutilgan.
Dilshodbek Sayidaxmedov,
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi masʼul xodimi