BAA bilan davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashilmoqda

15:00 - 25 Sentabr 2023 Yangiliklar
806

BAA Inson resurslari federal idorasi (FAHR) bilan hamkorlik doirasida “Davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini boshqarish tizimi” mavzusida onlayn-seminar tashkil etildi.

Seminar FAHR Siyosat sektori boshlig‘i Aysha Al Suvaydi tomonidan olib borildi.

A.Suvaydi o‘z taqdimotida samaradorlikni boshqarish tizimining normativ-huquqiy asoslari, maqsadlari, samaradorlikni baholashning bosqichlari, shaxsiy va texnik kompetensiyalar, BAA Hukumat liderlik modeli, kompetentlik darajalari, samaradorlikni baholashda ko‘rsatkichlar vaznini hisoblash, samaradorlikni baholash natijalari va ular asosida rag‘batlantirish, samaradorlikni baholash natijalarini apellyatsiyaga berish tartibi to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.

Onlayn-seminar davomida Bayanati raqamli platformasida davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash qay tarzda amalga oshirilishi ko‘rsatib berildi. Xususan, maqsad hamda ko‘rsatkichlarni tanlash, ularning vaznini belgilash, ixtisoslik bo‘yicha kompetensiyalarni tanlash, yil davomida maqsad va ko‘rsatkichlar hamda baholash mexanizmini o‘zgartirish imkoniyatlari ko‘rsatib berildi.

A.Suvaydi davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi aniq ishlab chiqilgan bo‘lishi va qoidalar barcha uchun ochiq bo‘lishi muhimligini taʼkidladi.

Xususan, FAHR tomonidan ishlab chiqilgan samaradorlikni baholash tizimi va uning barcha qoidalari tashkilot saytida to‘liq joylashtirilganligi sababli bu jarayonda ish beruvchi hamda davlat xizmatchilari o‘rtasida kelishmovchiliklar kamdan kam yuzaga kelishi qayd etildi.

Shuningdek, FAHR Siyosat sektori mutaxassisi Ahmad Al Muhayri BAAda joriy qilingan inson resurslarini boshqarishning yetuklik indeksi bo‘yicha taqdimot qildi.

Unga ko‘ra, inson resurslari amaliyotining yetuklik darajasini o‘lchash uchun foydalaniladigan mexanizm funksiyalarni tasniflashga asoslanadi. Inson resurslarini boshqarish jarayonlari kompetensiyalarga ko‘ra to‘rtta asosiy ustunga bo‘linadi: boshqaruv, ishga olish samaradorligi, rivojlantirish, jalb qilish. Bu ustunlar BAA hukumatining strategik ustuvorliklariga mos keladi.

Chop etish