Yoshlar yetakchilarini rahbarlikka tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv-amaliy seminar boshlandi

14:39 - 15 Yanvar 2024 Yangiliklar
2275

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha tizim tashkil etildi, yoshlar yetakchilari instituti joriy qilindi, ularga zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bugungi kunda ular yoshlarning chinakam tayanchiga aylandi.

So‘nggi yillarda yoshlar yetakchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda kasbiy o‘sishini taʼminlash maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

200 nafardan ortiq Yoshlar yetakchilari Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritildi, ularning 22 nafari, jami yoshlar yetakchilarining esa 500 nafardan ortig‘i lavozim bo‘yicha ko‘tarildi. Har bir hududda “Kelajak liderlari” klublari tashkil etildi, ularga istiqbolli Yoshlar yetakchilari aʼzo bo‘ldi.

Davlat boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” maxsus o‘quv kursi tashkil etildi, uning doirasida yoshlar yetakchilari vazirlik va idoralarda stajirovka o‘tadi.

Yoshlar yetakchilari orasidan salohiyatli va iqtidorlilarini ajratib olish, ularni maqsadli ravishda rahbarlikka tayyorlash va kadrlar zaxirasiga kiritish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 100 nafar yoshlar yetakchisi saralab olindi.

Saralashda oliy maʼlumotga egaligi, Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilganligi, namunali faoliyat ko‘rsatayotganligi, turli tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallaganligi, EMSK natijasining yuqoriligi hamda mahalladagi yoshlarning ijobiy fikri asosiy mezonlar sifatida xizmat qildi.

Saralangan yoshlar yetakchilari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda 24 soatlik maxsus o‘quv-amaliy seminar dasturi ishlab chiqildi.

Dastur yoshlar yetakchilarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi bilimlarini oshirish, milliy qadriyatlarini shakllantirish hamda shaxsiy va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda vazirlik va idoralarning rahbarlari bilan amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan muloqot tashkil etiladi.

Yoshlarning shaxsiy va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi, turli dolzarb mavzular yuzasidan davlat va jamoat arboblari, taniqli olim va pedagoglar tomonidan taqdimotlar tashkillashtiriladi.

Maxsus o‘quv-amaliy seminar yakunida test sinovi va ijtimoiy-psixologik so‘rovnoma o‘tkaziladi, natijalari bo‘yicha Yoshlar yetakchilarining portfoliolari ishlab chiqiladi.

Yuqori natijalarga erishgan yoshlar yetakchilarini tuman (shahar) va hudud darajasidagi rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish rejalashtirilgan. 

O‘quvning ochilish marosimida so‘z olgan masʼul rahbarlar sohaga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, Davlatimiz rahbarining yosh kadrlarga qo‘yayotgan talablari, dasturning maqsad va vazifalari, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishda salohiyatli yoshlarning o‘rni yuzasidan muhim fikrlarni bildirishdi.  

Chop etish