Respublika bo‘ylab tuman, shaharlarda faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” uchun qisqa muddatli seminarlar boshlandi

11:07 - 30 Yanvar 2024 Yangiliklar
1919

Mahalla — xalqimizning turmush tarzi, maʼnaviy ehtiyoji, tafakkuri, insonlarning o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari, oilaviy munosabatlarni shakllantiruvchi o‘ziga xos maskan hisoblanadi. Bugun mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni, nufuzi yana-da mustahkamlanib, u aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning adolatli va taʼsirchan institutiga, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatadigan, odamlarga eng yaqin xalqchil tuzilmaga aylanmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mahalla nufuzini oshirish borasidagi ishlarni yana-da yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Mazkur Farmonda xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi mahalla tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan “mahalla yettiligi”ning aniq vazifalari belgilangan. Shu bilan birga, yangi boshqaruv tizimi – O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etildi.

Shuningdek,  bugungi kunga qadar samarali ishlagan mahalla “beshligi” tizimiga endilikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, “yettilik” tarzida ish olib borishi belgilandi.

“Mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishga ko‘maklashish, mahalladagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining saʼy-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish, mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini taʼminlash borasida amalga oshiriladigan ishlar ham qayd etilgan. 

2024-yil 1-yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi amaliyotga joriy etildi. Mazkur bo‘g‘inda yana ko‘plab yangilik va o‘zgarishlar kutilmoqda. Bu esa tizim faoliyatini shunga mos tarzda, yangicha asosda yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi.

Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirishni tashkil qilish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har bir tuman (shahar)dagi “mahalla yettiligi” o‘qitilmoqda.

Maqsad — “mahalla yettiligi”ning siyosiy-huquqiy hamda kasbiy bilimini oshirish, jamoatchilik va aholi bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.

O‘quv kurslarini samarali tashkil etish maqsadida:

birinchidan, Farmon mazmun-mohiyati hamda ularda belgilangan topshiriqlarning amaliyotga uyg‘unligini taʼminlash uchun 11 ta dolzarb mavzuni o‘z ichiga olgan maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi;

ikkinchidan, “mahalla yettiligi” faoliyati uchun masʼul bo‘lgan vazirlik va idoralarning yuqori malaka va tajribaga ega 2 nafar mutaxassislardan iborat Ekspertlar guruhi shakllantirildi;

uchinchidan, Ekspertlar guruhi tomonidan maxsus o‘quv dasturidagi har bir mavzu bo‘yicha o‘quv-metodik materiallar (maʼruza matni, taqdimot materiallari, testlar) ishlab chiqildi;

to‘rtinchidan, “mahalla yettiligi” faoliyati uchun masʼul bo‘lgan vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari masʼul xodimlaridan iborat jami 300 nafardan ortiq hududiy trenerlar ro‘yxati tuzildi;

Maʼlumot uchun: Hududlardagi mahallalar sonidan kelib chiqib, har bir hududdan 20-30 nafar, jami 300 nafardan ortiq hududiy trenerlar tarkibi shakllantirildi.

beshinchidan, Ekspertlar guruhi tomonidan hududiy trenerlar uchun 23 va 25-yanvar kunlari Davlat boshqaruvi akademiyasida maxsus maxsus seminar tashkil etildi;

oltinchidan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hududiy filiali tomonidan mahalliy davlat hokimiyat organlari bilan hamkorlikda hududdagi “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlarni o‘tkazish grafigi tasdiqlanadi;

yettinchidan, fevral oyida grafik asosida hududiy trenerlar tomonidan “mahalla yettiligi” uchun 1 kunlik o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.

O‘quv kurslari yakuni bo‘yicha Bosh ilmiy-metodik markazning spv.bimm.uz elektron platformasida test sinovi o‘tkaziladi.

Bugungi kunda respublikaning 9 ta hududida Hududiy trenerlar tomonidan belgilangan grafik asosida “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar boshlangan.

Chop etish