Endilikda har bir masʼul rahbar faoliyati samaradorligi aniq belgilangan ko‘rsatkichlar asosida baholanib boriladi

09:43 - 7 Avgust 2024 Yangiliklar
3368

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-martdagi “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–49-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2024-yil 31-iyulda Vazirlar Mahkamasining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 463-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-martdagi PF–49-son Farmonidagi normalarni amalga oshirish tartibi belgilandi. Xususan, qaror bilan:

1) Faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholanadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati tasdiqlandi;

Mazkur ro‘yxatda jami 93 ta tashkilot, shundan 58 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda 35 ta xo‘jalik birlashmalari faoliyatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-martdagi PF–49-son Farmonida belgilangan normalar tatbiq etilishi belgilandi.

2) Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi;

Ushbu Nizom bilan:

- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari (keyingi o‘rinlarda – baholanuvchi rahbar) faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklangan vazifalar hamda topshiriqlar aks ettirilishi;

- har bir baholanuvchi rahbar faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari soni qoida tariqasida, 5 tadan 10 tagacha bo‘lishi;

- samaradorlik ko‘rsatkichlari mavjud resurs va vakolatlarga muvofiq, baholanuvchi rahbarning vazifa va javobgarligi doirasida, aniq, maqsadli hamda o‘lchanadigan bo‘lishi kerakligi;

- baholanuvchi rahbar faoliyatining keyingi yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi;

- samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi maʼlumot avtomatik tarzda yoki tasdiqlash orqali shakllantirilishi;

- samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi maʼlumot baholanuvchi rahbarlar tomonidan “samaradorlik.uz” elektron platformasiga kiritilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan masʼullar tomonidan tasdiqlanishi hamda baholanuvchi rahbarlarning reytingi shakllanishi belgilanmoqda.

3) Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizom bilan:

- mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklangan vazifalar hamda topshiriqlar aks ettirilishi;

- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosarlarining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatining keyingi yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosarlarining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanishi;

- samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi maʼlumot avtomatik tarzda yoki tasdiqlash orqali shakllantirilishi;

- samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi maʼlumot mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari tomonidan “samaradorlik.uz” elektron platformasiga kiritilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan masʼullar tomonidan tasdiqlanishi hamda baholanuvchi rahbarlarning reytingi shakllanishi belgilanmoqda.
Yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan Nizomlarda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash jarayonining barcha bosqichlari muddatlari va ularni amalga oshirishga masʼul bo‘lganlar aniq belgilab berildi.
***

Rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholashning yangi tartibini joriy qilish barcha davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari faoliyatining natijadorligini oshirishga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga, aholining turmush darajasi va farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, yuqoridagi Farmon va qarorning qabul qilinishi davlat boshqaruviga professional yondashish, natijaga qaratilgan samarali boshqaruvni kuchaytirish va malakali kadrlarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, rahbar qadrlar faoliyati samaradorligini baholash madaniyatini shakllantirish orqali ularning hisobdorligini oshiradi.


Baxtiyor Rustamov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri

Shuhrat Madiyarov,  Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti bosh inspektori


 

Chop etish