“Rahbar ayollar maktabi” maxsus malaka oshirish dasturining yangi mavsumi boshlandi
Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Rahbar ayollar maktabi” yangi mavsumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan dasturda Oliy Majlis aʼzolari, Prezident Administratsiyasi vakillari, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar masʼullari, o‘quv dasturi ishtirokchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash kerakki, davlatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-sonli farmonida rahbarlik lavozimlariga Milliy kadrlar zaxirasidan nomzodlarni tavsiya etishda xotin-qizlarning nomzodlarini inobatga olish tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.
Farmon bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturining 42-bandida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan 143 nafar yosh rahbar ayollar o‘qitildi. O‘quvlar yakunlariga ko‘ra tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi. Hozirda dasturda ishtirok etgan xotin-qizlarning 32 nafari yuqori rahbarlik lavozimlariga tayinlandi.
Shuningdek, joriy yilning avgust-noyabr oylarida Agentlik tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda 4-mavsum saralash jarayonini tashkillashtirish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan xotin-qizlar orasidan 300 nafar hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tavsiyasi bilan yuqori natija ko‘rsatgan, yetuk va tashabbuskor 250 nafar ayol maktab direktorlari saralab olindi. Bunda, jami 550 nafar salohiyatli xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirildi.
Saralab olingan nomzodlarning bilim darajasini aniqlash uchun o‘tkazilgan Milliy kadrlar zaxirasi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 141 nafar xotin-qizlar bilan joriy yilning 14-21-noyabr hamda 16-20-dekabr kunlari Komissiya suhbatlari tashkil etildi. Test sinovlari va suhbat natijalariga asosan, eng yuqori natijalarga erishgan 100 nafar xotin-qizlar “Rahbar ayollar maktabi”ning yangi mavsumi o‘quvlarida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.
Dasturning 4-mavsumi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida takomillashtirilgan dastur asosida tashkil etilmoqda. Yangi mavsum “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturi rejasi 12 haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, auditoriya mashg‘ulotlari, mahorat darslari, mahalliy stajirovka (dublyorlik), vazirlik va markaziy idoralarda stajirovka, loyiha ishini tayyorlash va uni himoya qilish bosqichlaridan iborat.
Ochilish marosimida so‘z olganlar bugun malakali boshqaruv kadrlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvida muhim qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini yana-da kengaytirish, salohiyatli rahbar ayollar korpusi uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash muhim ekanligiga alohida urg‘u berishdi. Dasturning maqsad va vazifalari mohiyati ochib berildi.
- O‘quv dastur davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan rahbar ayollarning strategik fikrlash, tadbirkorlik, moliyaviy savodxonlik, tizimli tahlil, sunʼiy intellekt asoslari va loyihalarda qo‘llanilishi, muammolarni manzilli hal etish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan, - deydi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Farangiz Avazbekova. - Dars mashg‘ulotlariga Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, tijorat banklarining tajribali rahbar va mutaxassislarini jalb etish rejalashtirilgan.
Dastur yakuni bo‘yicha o‘quvlarni muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarni xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari, ilmiy markazlari va kompaniyalarida malaka oshirish (stajirovka o‘tashi)ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
“Rahbar ayollar maktabi” dasturi doirasida tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va davlat fuqarolik xizmatidagi yuqori turuvchi lavozimlarga tavsiya etib boriladi.
Agentlik Axborot xizmati