Qonunchilikda yangilik
Homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etildi. Qonun (O‘RQ-1030-son, 13.02.2025-y.) bilan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan Mehnat kodeksiga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan taʼtil davomiyligini belgilash tartibini va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi taʼlim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan taʼlim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsning pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga, mehnat daftarchasiga oid maʼlumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab oladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etilishi belgilandi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.