Surxondaryoda seminar tashkil etildi, unda sektorlar faoliyatini samarali tashkil etishning asosiy ko‘rsatkichlari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgust kuni “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 536 – sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan baholash bir yilda bir marotaba — hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar amalga oshirilib, natijasi bo‘yicha tahliliy maʼlumotnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va xalq deputatlari Kengashlariga kiritilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Surxondaryo viloyati filiali tomonidan Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida seminar tashkil etilib, ushbu qaror bilan belgilab berilgan vazifalar, ko‘rsatkichlarning aniqlanishi va shakllantirilishi, baholash ishlari qanday tartibda amalga oshirilishi yuzasidan tushuntirish berildi.
Seminarda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat 3-sektor rahbari Abdivohid Ismoilov, boshqarmaning masʼul rahbar-xodimlari, Termiz shahri va tumanlarning 3-sektorlari rahbar hamda kotiblari ishtirok etdi.
Ushbu qaror hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarni hal etish, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, "Temir daftar", "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari" bilan ishlash yuzasidan amalga oshirilayotgan faoliyatga baho berish hamda o‘zlarining fidokorona mehnati bilan namuna ko‘rsatgan sektorlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida qabul qilinganligi taʼkidlandi.
Seminarda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan vazifalar belgilab olindi.