Namanganda ham EMSK yuqori bo‘lgan tuman, shahar hokimi o‘rinbosarlari rag‘batlantiriladi, ular xalqchil islohotlarni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishdi
So‘nggi yillarda respublikamizda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, davlat rahbari tomonidan hudud rahbarlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tuman (shahar) hokimi va ularning o‘rinbosarlarining faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) asosida baholanib borilmoqda.
Viloyatdagi mahalliy ijroiya organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining I yarim yillik eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari reytingiga ko‘ra, 21 nafari “aʼlo”, 10 nafari “yaxshi”, 24 nafari “qoniqarli”, 16 nafari “qoniqarsiz” natija ko‘rsatdi.
Ushbu reyting natijalari muhokamasi yuzasidan viloyat hokimi Sh. Abdurazakov rahbarligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish natijalariga ko‘ra, yuqori natija ko‘rsatgan 21 nafar hokim o‘rinbosarlariga 1 oklad miqdorida oylik maoshlariga qo‘shimcha mukofot to‘lovlarini amalga oshirish hamda 16 nafar “qoniqarsiz” natija ko‘rsatgan hokim o‘rinbosarlariga faoliyatini yaxshilash yuzasidan 90 kunga mo‘ljallangan ish reja ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan respublikaning 205 ta tuman (shahar)larida hokim o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tizimni joriy etish hamda xodimlar faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish bo‘yicha 2020-yildan hozirga qadar respublikaning barcha tuman(shahar)larida 100 dan ortiq seminar-treninglar o‘tkazildi.
Ushbu tizimga asosan tuman (shahar) hokimi va uning o‘rinbosarlari faoliyati avvaldan belgilangan aniq ko‘rsatkichlar (amalda 72 ta) va maqsadli indikatorlar asosida har chorakda baholanmoqda.
Eng muhimi ko‘rsatkichlar har bir hokim o‘rinbosari kesimida belgilangan bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va natijaga erishishda har bir rahbarning hissasini aniq belgilash imkonini beradi.
Shu bilan birga, har bir hokim o‘rinbosarlarining erishgan natijalarini jamlash asosida hokim faoliyatiga baho beriladi. Mazkur holat o‘z navbatida tuman (shahar) hokimliklarida jamoaviy muhitni shakllantirib, umumiy natija uchun butun hokimlik tashkiliy tizim imkoniyatlarini safarbar etishga turtki beradi.
Baholash tizimini amaliyotda tatbiq etilishi natijasida har chorakda barcha tuman (shahar) hokimlari va o‘rinbosarlarining reytingi shakllantirilib borilmoqda. Reyting joriy etilishi mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, ularning o‘zaro musobaqalashuv asosida yuqoriroq natijalarga erishishini rag‘batlantirmoqda.