“Kelajak liderlari” klubi — yangi avlod zaxira kadrlarini tayyorlamoqda

12:26 - 13 Oktabr 2021 Yangiliklar
1260

Joriy yilning 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida Davlatimiz rahbari tomonidan iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantirish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Mazkur tashabbusga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PQ–6260-sonli qarori bilan tasdiqlangan Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, hokimliklar bilan hamkorlikda “Kelajak liderlari” — yangi avlod zaxira kadrlari loyihasi amalga oshirildi.

Barcha hududda "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi va 4 bosqichli tanlov orqali Klubga aʼzolarni saralash tartibi belgilandi.

1-bosqich. Joriy yilning 5-15-iyul kunlari “Kelajak liderlari” klubiga aʼzo bo‘lish istagida bo‘lgan jami 6 246 nafar nomzod elektron hujjat topshirgan bo‘lib, belgilangan malaka talablariga ko‘ra jami 3 002 nafar nomzod (48%) tanlovlarda ishtirok etish uchun saralab olindi.

2-bosqich. 27-30-iyul kunlari nomzodlar test sinovlaridan o‘tkazilib, 56 foizdan yuqori ball to‘plagan 1 381 nafar nomzodlar keyingi bosqichga o‘tkazildi.

3-bosqich. Nomzodlarning ijodiy va fikrlash salohiyatini baholash maqsadida 3-4-avgust kunlari nomzodlar “Xalqni sevadigan davlat xizmatchisi” mavzusida esse yozishdi va unda ishtirok etgan 1 211 nafar nomzod suhbatda qatnashdi.

4-bosqich. Nomzodning amaliy ko‘nikma va sifatlarini baholashga qaratilgan bo‘lib, 10-13-avgust kunlari ishchi guruh aʼzolari tomonidan nomzodlar bilan suhbat tashkil etildi.

Shunga ko‘ra, 5-iyuldan 15-avgustga qadar bo‘lib o‘tgan 4 bosqichli tanlov natijalari bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan respublika bo‘yicha jami 630 nafar (Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 40 nafardan, qolgan hududlarda 50 nafardan) Klub aʼzolari saralab olindi.

(Samarqand viloyatida 50 nafar yoshlardan iborat “Kelajak liderlari” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan)

Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida jamoatchilik uchun tanlovning barcha bosqichlari Youtube platformasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi va jarayonni onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.

“O‘zbekiston 24” telekanalining “Yangiliklar” dasturlari, “Yoshlar siyosati amalda” ko‘rsatuvi va “Studiya 24” ko‘rsatuvining maxsus soni va boshqa OAVlari orqali Klub faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq jarayonlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi. Bundan tashqari, barcha hududlarda mahalliy teleradiokanallar, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tanlov jarayonlari muntazam yoritib borildi.

Joriy yilning 24-28-avgust kunlari reja asosida barcha hududlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirokida “Kelajak liderlari” klublarining tashkiliy yig‘ilishlari o‘tkazilib, klublar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, Klub 20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan davlat fuqarolik xizmatchilari, talabalar orasidan salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh kadrlarni seleksiya qilish maqsadida tashkil etildi.

Chop etish