Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali: tizim davlat xizmati uchun munosib kadrlarni saralab bermoqda

17:30 - 7 Dekabr 2021 Yangiliklar
2550

Bugun davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyat yaratish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali(vacancy.argos.uz) mamlakatimizda ommalashdi.

Bu amaliyot qog‘ozbozlik va ortiqcha ovoragarchiliklardan xoli bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlar hujjatlarini olib tashkilotma-tashkilot, ovora va sarson bo‘lib yurmaydi. Turli idoralardan ortiqcha maʼlumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Muhimi, endi talabgorlar davlat idoralaridagi barcha bo‘sh ish o‘rinlari haqida maʼlumotga ega bo‘ladi. Yana bir o‘ziga xos jihati esa, har bir nomzod ochiq maydonda o‘z bilimini sinab ko‘rib, test va suhbat bosqichidan o‘tadi.

Ushbu platformaning yaratilishi meritokratiyaga keng yo‘l ochib berdi. Tom maʼnoda “munosiblar hokimiyati” deya tarjima qilinadigan meritokratiya tamoyili rivojlangan mamlakatlarda allaqachon urf bo‘lgan. Boshqaruvning bu tamoyiliga ko‘ra, moliyaviy ahvoli va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar eng qobiliyatli, tirishqoq va layoqatli nomzodlar davlat fuqarolik xizmatchilari lavozimlarini egallaydi. Nega deganda, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishda erishilgan natijalar, qobiliyat va aql-zakovat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Eng asosiysi, joriy etilayotgan yangi tizimda inson aralashuvini cheklashga qaratilgan tadbirlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, hujjat topshirish jarayonlari portal orqali, test jarayonlari esa test.argos.uz platformasida amalga oshirilishi hamda suhbat jarayonlari onlayn translyatsiya qilinishini ko‘zda tutuvchi raqamlashtirish texnologiyalari tanlov jarayonlarining barcha bosqichlariga joriy etilgan.

Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha yagona elektron tizim bo‘lib, internet tarmog‘ida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Portaldagi davlat organlarining vakant lavozimlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Ushbu portal orqali bugungi kunda respublikaning 60 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 29 382 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, tanlovlarda 357 296 nafar nomzodlar qatnashgan.

Tanlov eʼlon qilingan 29 382 ta vakant lavozimlarning 2 301 tasi hujjat topshirish jarayonida, 10 464 tasi esa hujjat topshirish muddati tugallanib, test va suhbat o‘tkazish bosqichida, 16 617 tasida esa tanlov yakuniga yetgan.

Davlat xizmatiga kirish uchun hujjat topshirgan nomzodlarning 20 foizi — 70 mingdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. 5 402 nafar tanlov g‘oliblarining 455 nafarini xotin-qizlar, 1 576 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan, 737 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlardir.  

Portal faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan buyon, bir kunda o‘rtacha 15-20 nafar fuqaro davlat xizmatiga ochiq tanlov orqali ishga qabul qilinmoqda.

Ishga qabul qilingan tanlov g‘oliblarining 1 828 nafari tashkilotning o‘z tizimidan bo‘lsa, 3 574 nafari boshqa tizimdan o‘tgan.

Test va suhbat bosqichi jarayonlari real vaqt rejimida yoritilmoqda. Barcha onlayn jarayonlar havolasi telegramdagi maxsus (vacancy online) kanalga tezkor joylashtirib borilmoqda. Shuningdek, tanlov jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida g‘oliblar haqidagi maʼlumotlar telegramdagi maxsus kanal (vacancy winners) orqali eʼlon qilib borilmoqda.

Bunday yondashuv davlat xizmatiga eng munosib, malakali kadrlarni byurokratik to‘siqlarsiz ochiq va adolatli tanlov jarayonlari orqali jalb etish imkonini bermoqda. 


Abbos AKRAMOV,

Prezident huzuridagi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 

boshqarma boshlig‘i


Chop etish