"Kelajak liderlari" — yangi avlod kadrlari

12:18 - 22 Dekabr 2021 Yangiliklar
1416

Joriy yilning 20-22-dekabr kunlari yoshlarning g‘oya va takliflarini eshitish va muhokama qilish uchun maydon yaratish, zamon qahramonlarini kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilish, shuningdek, hududlardagi “Kelajak liderlari” klublari o‘rtasiga o‘zaro muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Kelajak liderlari I Respublika forumi» tashkil etildi.

Yurtimizda jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiladigan yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida ishonch bildirilmoqda. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.

Joriy yilning 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida Davlatimiz rahbari tomonidan iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantirish tashabbusi ilgari surilgandi.

Mazkur tashabbusga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF–6260-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, hokimliklar hamkorligida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi.

Klub oldiga maqsad qilib salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh kadrlarni seleksiya qilish, yoshlar orasida davlat xizmati jozibadorligini oshirish vazifalari qo‘yildi.

20 yoshga kirgan va 35 yoshdan oshmagan davlat fuqarolik xizmatchilari, talabalar orasidan Samarqand viloyatida ilk pilot sifatida 50 nafar yoshlardan iborat “Kelajak liderlari” klubi faoliyati muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Qolgan 13 ta hududda "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi va 4 bosqichli tanlov orqali Klubga aʼzolarni saralash tartibi belgilandi.

Klub aʼzoligi uchun 6 246 nafar nomzod elektron hujjat topshirgan bo‘lib, belgilangan malaka talablariga ko‘ra jami 3 002 nafar nomzod saralab olindi. Ikkinchi, test bosqichida ishtirok etib, yuqori bal to‘plagan 1 381 nafar nomzod “Xalqni sevadigan davlat xizmatchisi” mavzusida esse yozishdi. Nomzodning amaliy ko‘nikma va sifatlarini baholashga qaratilgan suhbat bosqichidan so‘ng 670 nafar Klub aʼzolari saralab olindi.

Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida jamoatchilik uchun tanlovning barcha bosqichlari Youtube platformasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi va jarayonni onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.

Joriy yilning 24-28-avgust kunlari reja asosida barcha hududlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirokida “Kelajak liderlari” klublarining tashkiliy yig‘ilishlari o‘tkazilib, klublar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular uchun 6 oyga mo‘ljallangan maxsus reja-jadval ishlab chiqildi.

Bugungi kunda klub aʼzolarining soni 670 nafardan ortiq bo‘lib, shundan 23 foizi yosh xotin-qizlar, 30 foizi oliy taʼlim muassasalari talaba yoshlari, 2 foizi ilmiy izlanuvchilar (doktorantlar), 40 foizi yosh davlat xizmatchilari, 20 foizi yosh rahbarlar, 8 foizini esa xususiy sektorda ishlovchilar tashkil qiladi.

O‘tgan qisqa vaqt davomida yosh liderlar tomonidan “Hokim bilan bir kun”, “Dublyor”, “Sektor rahbari bilan bir kun”, “Kitobxonlik”, “Lider kitobxon”, “Har oyda bitta maktab”, “100 kunda 10 ta kitob”, “Ozodalik — salomatlik garovi”, “Bir buyuk shaxsni kashf qil”, “English club”, “50 nafar yangi liderlarni kashf et”, “Salomatlik kuni”, “Mahalla raisiga dublyor”, “Notiqlik sanʼati”, “Rahbar imiji”, “Kelajak liderlari kutubxonasi” kabi loyihalar tashkil qilindi. Shuningdek, yoshlar turli sohada muvaffaqiyatga erishgan davlat xizmatchilaridan maxsus saboqlar olishdi.

Liderlar “ilm.argos.uz” platformasi orqali o‘zlarining nazariy bilimlarini oshirib, tuman (shahar) viloyat hokimliklarida malaka oshirmoqda. Loyiha yo‘lga qo‘yilganiga qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay 60 nafardan ortiq yosh liderlar yuqori lavozimga tayinlandi. 

Respublika forumi doirasida “Kelajak liderlari” klubi hududiy Forumlari tashkil etildi hamda ular orasidan loyihalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan, faol davlat xizmatchilari  Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Respublika “Kelajak liderlari forumi”ga taklif qilindi.

Dasturga asosan, yosh liderlar 20-21-dekabr kunlari “Toshkent yoshlar forumi – 2021”da ishtirok etishdi. 

Ayni damda ular “Inno” texnoparkida tashkil etilgan Forumda qatnashishmoqda.

Forum davomida “Kelajak liderlari” klublari aʼzolari uchun maxsus mahorat darslari tashkil etildi.

Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari davomida yosh liderlar o‘zlarining startap loyihalarini yana-da takomillashtirishadi va taqdimot qilishadi. Ochiq, do‘stona, samimiy ruhda o‘tgan muloqotlarda respublikaning barcha hududlaridan yig‘ilgan yosh davlat xizmatchilari o‘zaro tajriba almashishadi. Davlat fuqarolik xizmati sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha takliflarini bildirishadi.

Forumning taqdirlash marosimida taqdim etilgan loyihalar orasidan ijobiy baholangan 3 ta taqdimot mualliflari va faol yoshlar taqdirlanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu Klub kelgusida davlat xizmati sohasida yosh kadrlarni bosqichma-bosqich tayyorlashi, yoshlar orasida davlat xizmati jozibardorligini oshirishda, salohiyatli yoshlar uchun sotsial lift vazifasini o‘tab, kelgusida xalqchil davlat xizmatini ko‘rsatadigan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot drayverlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

 

Chop etish