Turkiyada ham davlat xizmatiga kadrlar vakansiyalar portali orqali qabul qilinmoqda
Shuningdek, mamlakatda yoshlar uchun elektron stajirovka tizimi, Inson resurslari analitik axborotlar tizimi, Karyerani rejalashtirish moduli ishlab chiqilgan. Ayni damda Turkiyada “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Delegatsiyamizning Turkiyaga malaka oshirish maqsadida qilgan xizmat safarining ikkinchi kuni ham muvaffaqiyatli o‘tdi.
Unda delegatsiyamiz safar Dasturiga muvofiq, Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslari ofisi, Madaniyat va turizm vazirligida uchrashuv va tashriflar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek,ular Anqaradan Konya shahriga o‘tdi.
Delegatsiyamiz kunning birinchi qismida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi rahbari (Insan Kaynaklari Ofisi) Salim Atay hamda departament rahbarlari bilan uchrashishdi. Ochiq muloqotda mamlakatda kadrlar siyosatini yuritadigan Ofis faoliyati yuzasidan qator taqdimotlar qilindi.
Ofis tomonidan yaratilgan vakansiyalar portali hamda talabalar uchun yaratilgan Elektron stajirovka dasturi to‘g‘risida maʼlumot berildi. Jumladan, hozirgi kunda ushbu portalda 3329 ta vakansiya haqida maʼlumot eʼlon qilingan bo‘lib, Turkiya fuqarolari elektron tizim orqali turli hil qog‘ozbozlikdan xoli holda vakant lavozimlarga hujjat topshirmoqda.
Elektron stajirovka dasturi esa o‘qishni tugatgan va tugatish arafasida bo‘lgan talabala hamda davlat xizmati tashkilotlari uchun qulay tizim bo‘lib, bugungi kunga qadar 44 ming yoshlar ushbu tizim imkoniyatlaridan foydalangan.
Keyingi taqdimotda Ofis tomonidan yaratilgan Inson resurslari analitik axborotlar tizimi haqida gapirib o‘tildi. Jumladan, ushbu tizimda Turkiyada mavjud bo‘lgan 81 mln. kishi haqida 65 ta mezon bo‘yicha maʼlumotlar borligi aytib o‘tildi. Shuningdek, ushbu mezonlar asosida Turkiya davlatining hududiy Inson qobiliyatlari xaritasi ishlab chiqilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, Karyerani rejalashtirish moduli haqida maʼlumot berildi. Ushbu modul davlat xizmatchilari uchun karyerani rivojlantirish rejasini tuzishga ko‘maklashadi hamda bir davlat tashkilotidan boshqa davlat tashkilotiga ishga o‘tgan davlat xizmatchilari to‘g‘risida tahliliy maʼlumot taqdim etadi.
Ofis tomonidan davlat xizmatchilari malakasini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan malaka oshirish dasturiy tizimi 3 ta modul — Karyera moduli, Talantlar moduli hamda Masofaviy taʼlim modulidan iborat ekanligi maʼlum qilindi. Hozirgi kunga qadar ushbu tizim orqali 3,3 mln. nafar davlat xizmatchilari o‘z malakasini oshirgan.
Ofisning departament rahbari Savash Cheylan malaka oshirish tizimiga o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari uchun ham foydalanish imkoniyatini ochish taklifini ilgari surdi.
Shundan so‘ng, Ofis faoliyati, tashkiliy tuzilmasi hamda normativ-huquqiy asosi to‘g‘risida taqdimot qilindi. Jumladan, hozirgi kunda Ofis tomonidan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilganligi to‘g‘risida maʼlumot berildi. Loyihalar va axborot texnologiyalari departamenti rahbari Sade xonim yaratilgan barcha tizimlarning asosi bo‘lgan ERP tizimi haqida gapirib berdi.
Uchrashuvda Ofis rahbari Salim Atay ham ishtirok etdi. Salim Atay O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolarini ko‘rganidan xursandligini va qardosh O‘zbekiston davlati bilan tizimli ravishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Va birinchi marta Ofis tizimlari to‘g‘risida maʼlumotlar to‘liq O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolariga taqdim etilganini maʼlum qildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi tizimida turkiy davlatlar hamkorligi muhim ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi uchun navbatdagi manzil Madaniyat va turizm vazirligi bo‘ldi. Unda Turkiyaning turizm siyosati haqida taqdimot qilindi. Taqdimotni Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Serdar Chem olib bordi.
Taqdimot so‘ngida Buxoro shahri hokimi hamda Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi tomonidan Turkiya davlati bilan turizm sohasida hamkorlik olib borish to‘g‘risida fikr-mulohazalar almashildi.
Shundan so‘ng delegatsiyamiz Anqaradan Konya shahriga jo‘nab ketdi. Jarayonlar davom etmoqda.