Oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan davlat buyurtmasi Maxsus platforma orqali shakllantiriladi
Oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori (49-son, 29.01.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan davlat buyurtmasi Maxsus elektron platforma (Platforma) orqali shakllantiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
▫️oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Platformada jamlangan maʼlumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi;
▫️kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 4 yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining o‘zgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan taʼminlashni inobatga olgan holda, Platformaga tegishli tuzatishlar kiritib boriladi.
Platformaga quyidagi maʼlumotlar kiritib boriladi, jumladan:
▪️iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band bo‘lgan aholi soni;
▪️davlat va nodavlat OTMlari bitiruvchilarining o‘qishni tamomlagandan so‘ng rasman bandligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
▪️mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bandlik darajasi haqida;
▪️"Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (NEMIS)" axborot tizimida mavjud bitiruvchilar va OTMlar to‘g‘risida;
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
▫️davlat buyurtmasini shakllantirishda maʼlumotlarni jamlash, qayta ishlash va buyurtmani yuqori turuvchi organlarga taqdim etish;
▫️ish beruvchilarning oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash tartibi;
▫️iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirib borish maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishda ustuvorlik beriladigan yo‘nalishlarni aniqlash.
2025-yildan 4 yillik davr uchun davlat buyurtmasi parametrlarini oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda tasdiqlash uchun taʼlim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga har yili 1-mayga qadar kiritish taʼminlanadi.