Davlat idoralari va tashkilotlaridagi 700 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlovlar o‘tkazilmoqda

15:13 - 31 Yanvar 2025 Yangiliklar
87

Kimlar, qanday tartibda ushbu tanlovlarga ishtirok etishi mumkin, tanlov jarayonlari qanday bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Hozir, shular haqida maʼlumot beramiz.

Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz faoliyati 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Natijada davlat xizmatiga qabul qilish jarayonida ochiqlik va shaffoflik taʼminlandi.

Joriy yilning 31-yanvar holatiga ko‘ra, Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali   -vacancy.argos.uz platformasiga ulangan tashkilotlar soni 17 952 tani, tanlov jarayonlari davom etayotgan vakansiyalar 682 tani tashkil etmoqda.

Ayni paytda portalda 536 111 nafar fuqaro o‘z rezyumesini shakllantirgan. 80 682  nafar fuqaro davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan.

Ushbu tanlovlar qanday tashkil etiladi? Jarayonda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining(ARGOS) vazifalari nimalardan iborat?

Agentlik tomonidan joriy qilingan Portalda vakant lavozimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi maʼlumotlar asosida shakllanadi.

Vakant lavozimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar Portalga joylashtirilgan sana mazkur lavozimni egallash bo‘yicha tanlov eʼlon qilingan kun deb hisoblanadi.

Tanlov 3 ta bosqichdan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

birinchi bosqich – nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish va saralash;

ikkinchi bosqich – nomzodlarning bilimini test sinovidan o‘tkazish;

uchinchi bosqich – nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish.

Agentlik tanlovlar bo‘yicha quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

 — davlat organlaridagi vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinishini taʼminlaydi;

— hududlardagi test sinovlari markazlashgan holda Agentlikning filiallarida hamda Agentlikning — test.argos.uz platformasida o‘tkaziladi;

—  tanlovlarni belgilangan tartib asosida o‘tkazilishi ustidan nazorat olib boradi;

— tanlovlarning suhbat bosqichida o‘z vakilini kuzatuvchi sifatida yuboradi;

— tanlovni tashkillashtirish va o‘tkazishda belgilangan qoidaga rioya etmaslik holatlari, shuningdek, tanlov komissiyasining xolis qaror qabul qilishiga taʼsir o‘tkazgan noqonuniy xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda, tanlov natijasini to‘liq yoki qisman bekor qiladi.

Ochiq tanlovlarni tashkil etishda komissiyaning vazifalari nimadan iborat?

Davlat organida tanlovlarni o‘tkazish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Tanlovlarni tashkillashtirish va o‘tkazish komissiyasi tuziladi.

Tanlov komissiyasining tarkibi davlat organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Tanlov o‘tkazilayotgan davlat organining kadrlar bo‘linmasi tanlov komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.

Tanlov komissiyalari vakolatlari:

  • nomzodlarning vakant lavozim malaka talablariga mosligi bo‘yicha xulosa berib, tanlovlarning test bosqichiga o‘tgan nomzodlarni belgilaydi;
  • vakant lavozim xususiyatidan kelib chiqib, test sinovlari natijalarini ijobiy deb topish uchun 56 foizdan yuqori ball belgilashi mumkin;
  • tanlovlarning suhbat bosqichini intervyu yoki taqdimot kabi usullar asosida o‘tkazadi;
  • suhbat natijasi bo‘yicha har bir Tanlov komissiyasi aʼzosi nomzodlarni baholaydi;
  • suhbat natijasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan nomzodni tanlov g‘olibi deb topadi.

Imtihon (test) savollari mutaxassislik yo‘nalishiga bog‘liqmi?

Tanlovlarning test bosqichi Agentlikning test.argos.uz platformasi orqali o‘tkazilmoqda. Unda 40 ta savol berilib, 100 ball tizimida baholanadi.

Nomzod tomonidan test sinovlari umumiy ko‘rsatkichining kamida 56 foiziga teng ball to‘planishi,  tanlovning keyingi bosqichiga o‘tishi uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, tanlov komissiyasining qaroriga asosan, test sinovlari natijalarini ijobiy deb topish uchun 56 foizdan yuqori ball belgilanishi mumkin.

Test savollari 2 kismdan iborat bo‘lib, birinchi qism bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatchisiga qo‘yilgan talablardan kelib chiqib, uning — milliy qonunchilik, davlat tili, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mantiqqa oid bilimlarini baholashga qaratilgan savollardan iborat.

Ikkinchi qism esa bevosita davlat organlari tomonidan tayyorlangan vakant lavozimdan kelib chiqqan holda mutaxassislik savollaridan iborat.

Test sinovi davomida nomzodga yuqoridagi har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.

Ochiq tanlovlarning test sinovi bosqichida yagona o‘tish bali belgilanganmi?

Ayni damda nomzod  test sinovi jarayonida 56 ball to‘plagan taqdirda, u 3 oy davomida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etmaydi. Bunda nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga o‘tganligi yuzasidan xabar oladi.

55 ballgacha to‘plagan nomzod  o‘rnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart bo‘ladi.

Chop etish