Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi loyihasiga kiritayotgan takliflar xalqaro mutaxassislar ko‘magida ekspertizadan o‘tkazilmoqda

14:54 - 18 Yanvar 2022 Yangiliklar
496

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov britaniyalik xalqaro ekspert Jonatan Sleyter bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlar dasturini ishlab chiqish doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining salohiyatini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. 

Muloqotda 2022−2023-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish doirasida davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini rivojlantirish yuzasidan tayyorlangan takliflar haqida maʼlum qilindi. 

Bundan tashqari, Otabek Xasanov Agentlikning ustuvor yo‘nalishlari — davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni ochiq tanlov asosida qabul qilish tizimi, hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash mexanizmi, davlat xizmatchilari malakasini uzluksiz oshirish, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. 

Muloqot davomida xalqaro ekspert Jonatan Sleyter Agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish bo‘yicha ochiq tanlovlar tizimi, davlat xizmatchilari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholash mexanizmi yuzasidan takliflarini bildirdi. 

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari 2021-yil 22-noyabr kuni  “2022−2023-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishni imzolagan edi.

Farmoyish bilan Ishchi guruhlari tuzilib, ularga davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish bo‘yicha har tomonlama asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish Ishchi guruhi rahbari etib Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov belgilandi.

Chop etish