Xorijdan qaytib, masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan doimiy muloqot qilish platformasi yaratiladi

18:52 - 19 Yanvar 2022 Yangiliklar
623

Bugun Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov uzoq yillar davomida xorijda samarali mehnat faoliyatini yuritgan va davlatimiz rahbari taklifi bilan O‘zbekistonga qaytib, turli soha va tarmoqlarda mehnat faoliyatini yuritayotgan 50 nafarga yaqin vatandoshlarimiz bilan muloqot qildi.

Muloqot avvalida ularning mehnat sharoitlari, faoliyatlari bilan yaqindan tanishildi. Shundan so‘ng, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyati to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, vatandoshlarimiz ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari tahlil qilindi. Ularning tajribalaridan foydalangan holda soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha turli o‘quvlar va seminarlar tashkil etish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.

O‘z navbatida vatandoshlarimiz ham fikr, tashabbuslarini bildirib, tizimdagi mavjud kamchiliklarga ham to‘xtaldi. 

Xususan, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish, uning jozibadorligini oshirish, xalqchil davlat xizmatini tashkil etish uchun  ortiqcha byurokratiyani kamaytirish, vatandoshlar faoliyatini baholash maqsadida eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini joriy etish, davlat idoralarida ochiq tanlov tizimini takomillashtirish, vatandoshlar bilan ishlashda samarali tizim yaratish, ular bilan doimiy aloqa o‘rnatib turish muhimligini taʼkidlashdi.

Yig‘ilish ishtirokchilarining barcha takliflari inobatga olindi va bu kabi muloqotlarni doimiy tashkil etish, davlat fuqarolik xizmati tizimini yana-da rivojlantirish maqsadida zamonaviy platforma yaratishga kelishib olindi.

Chop etish