“Yagona elektron axborot-tahlil tizimi dasturi-apparat kompleksi" takomillashtirilmoqda

13:37 - 18 Fevral 2022 Yangiliklar
1458

​​​​​​​O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-son Farmoniga muvofiq Agentlik tomonidan milliy kadrlar zaxirasi, vakant lavozimlar va ularga tayinlash uchun o‘tkazilayotgan tanlovlar, davlat organlari va tashkilotlarining son va sifat tarkibi to‘g‘risidagi axborot maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun davlat fuqarolik xizmati sohasiga “Yagona elektron axborot-tahlil tizimi dasturi-apparat kompleksi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

Mazkur dasturi-apparat kompleksini ishlab chiqish va davlat fuqarolik xizmati sohasiga joriy etish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganilgan.

Bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatini raqamlashtirish tendensiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu – xorijiy davlatlarning fuqarolik xizmati sohasiga inson resurslarini boshqarishning elektron tizimlari (Human Resource Management Systems, HRMS)ni joriy etish dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shunga ko‘ra, Agentlik tomonidan amaliyotga joriy etilgan dasturi-apparat kompleksini to‘liq takomillashtirish hamda davlat fuqarolik xizmatiga doir jarayonlarni raqamlashtirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Bunda, ilg‘or xorijiy davlatlarning fuqarolik xizmati sohasidagi jarayonlarini raqamlashtirishga doir tajribalarini o‘rganish va tahlil qilgan holda amaliyotga joriy etish maqsadida bir qator nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikda onlayn-seminarlar tashkil etilmoqda.

Xususan, joriy yilning 11 fevral kuni O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslarini rivojlantirish ofisi tomonidan joriy etilgan axborot tizimlariga oid taqdimot tashkil etildi.

Ushbu onlayn-seminarda Inson resurslarini rivojlantirish ofisining Loyihalar va axborot texnologiyalari departamenti bosh tahlilchisi A. Shahin hamda Davlat xizmatlari departamenti loyiha menejeri A. Kochak tomonidan Uzaktan Eğitim Kapısı, Yetenek Kapısı, Kariyer Kapısı kabi ishlab chiqilgan platformalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, yetenekkapisi.org platformasi yoshlar, ish beruvchilar hamda davlat xizmatchilarining o‘zaro muloqot qilishiga imkon berishi, shuningdek, u orqali 5 163 nafar ish beruvchi tomonidan 1 000 ta universitetning 919 786 nafar talaba va bitiruvchilari uchun bo‘sh ish o‘rinlari, karyera modelining imkoniyatlari va ular tomonidan amaliyot o‘tashlari to‘g‘risida maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, platforma orqali amaliyot o‘tash uchun ariza topshirgan nomzodlar professional, ijodiy, ijtimoiy va jismoniy kompetensiyalari bo‘yicha baholanadi hamda ushbu maʼlumotlar ish beruvchilarga nomzodlarning shaxsiy maʼlumotlarisiz yuboriladi. Shu tariqa nomzodlar faqatgina malakasiga qarab baholanadi hamda ularga teng imkoniyatlar yaratiladi.

Bundan tashqari, mazkur platforma ish o‘rinlari, kasbga bo‘lgan talab hamda yuqori malakali kadrlarni yetishtirib beradigan oliy taʼlim muassasalariga oid katta maʼlumotlarni (big data) o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, bu o‘z navbatida turli yo‘nalishlarda statistik maʼlumotlarni olish va ular asosida davlat boshqaruvining sohalari bo‘yicha mos siyosatni ishlab chiqish imkonini beradi. Bunday amaliyotni mamlakatimizning davlat fuqarolik xizmati sohasiga qo‘llanishi, xususan, statistik maʼlumotlarni olish, davlat xizmatiga kirishda raqobat yuzaga kelishi va eng munosib kadrlar tanlanishiga xizmat qiladi.

Mazkur mavzudagi navbatdagi onlayn-seminar 17-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida Koreya Respublikasining Inson resurslarini boshqarish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Onlayn-seminarda Koreya Respublikasining davlat xizmatchilarini boshqarishda ular tomonidan ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilga elektron-axborot tizimi e-Saram” faoliyati bilan tanishildi.

Unda, e-Saram guruhi direktorining o‘rinbosari K. Linning taqdimoti aynan shu mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, dastlab Koreya Respublikasining Inson resurslarini boshqarish vazirligi faoliyati va tashkiliy tuzilmasi, davlat xizmatchilarining tasniflanishi, shuningdek Elektron hukumat tizimiga o‘tish yo‘lidagi islohotlar haqida qisqacha maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, “e-Saram” tizimining asosiy tarkibiy modullari haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tildi. Xususan, mazkur tizim orqali kadrlarning davlat xizmatiga kirishidan boshlab nafaqaga chiqishiga qadar jarayonlarini yagona elektron tizim doirasida bajarilishi hamda ularni soddalashtirilishiga oid axborotlar taqdim etildi.

Onlayn-seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlariga kadrlarni ochiq tanlov asosida qabul qilish, ushbu axborot tizimini axborot va kiberxavfsizligini taʼminlash, shuningdek davlat xizmatchilarini psixologik baholash natijalarini avtomatik ravishda aks ettirish imkoniyatlari mavjudligi to‘g‘risida bir qator savollar berildi hamda ularga tegishli javob olindi.

Agentlik tomonidan amaliyotga joriy etilgan dasturi-apparat kompleksini to‘liq takomillashtirish hamda davlat fuqarolik xizmatini raqamlashtirishga doir masalalar yuzasidan joriy yilning fevral va mart oylarida ilg‘or xorijiy davlatlarning fuqarolik xizmati sohasiga oid tajribalari hamda ular tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimlarini o‘rganish davom etadi.

Chop etish