Zamonaviy HR menejer: ochiq mustaqil tanlovlar va axborot tizimlari haqida nimalarni bilasiz?
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali tomonidan shu mavzuda davra suhbati tashkil etildi.
Xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlat boshqaruvi va xo‘jalik funksiyalarini birga qo‘shib olib borish amaliyotidan voz kechish, davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, ijtimoiy taʼminlashning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan choralar ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq, mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish, tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan.
O‘tgan davr mobaynida Jizzax viloyatining jami 14 ta mahalliy hokimiyat va 40 ta hududiy davlat organlari va tashkilotlari bilan ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etildi.
Bugungi kunga kelib hududiy davlat organlari va tashkilotlarida 2 ming 138 ta vakant o‘rin uchun tanlovlar yakunlangan bo‘lsa, 246 ta vakant o‘rin uchun tanlovlar hali davom etmoqda. Shuningdek, 141 ta vakant o‘rin uchun hujjatlar qabul qilish bosqichi o‘tkazilmoqda.
Yakunlangan tanlovlarda 19 ming 282 nafar nomzodning arizalari ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, davom etayotgan tanlovlarga 3 ming 740 ta ariza kelib tushgan. 6 ming 531 nafar nomzod tanlovning test bosqichiga, 4 ming 360 nafari tanlovlarning suhbat bosqichiga o‘tkazildi. 696 nafar tanlov g‘olibi bilan mehnat shartnomalari imzolandi.
Davra suhbatida Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasi va viloyat prokuraturasi masʼul xodimlari tomonidan Mehnat kodeksida xodim va ish beruvchi munosabatlarining huquqiy asoslari, yagona milliy mehnat tizimi (YAMTT)dan foydalanish, yuritish va integratsiya masalalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshida tuzilgan Ishchi guruh aʼzolari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan ochiq mustaqil tanlovlar holati yuzasidan o‘rganishlar natijasi muhokama etildi.
Davra suhbatida ochiq mustaqil tanlovlar tizimini takomillashtirish va yana-da shaffofligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.