Farg‘onada hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sektorlar faoliyatini yana-da yaxshilash yuzasidan seminar tashkil etildi

15:39 - 21 Fevral 2022 Yangiliklar
1015

Farg‘ona viloyat hokimligining katta majlislar zalida tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.Islomov, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Xasanov, shuningdek,  viloyat sektor rahbarlari, viloyat hokimining barcha o‘rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarda sektor rahbarlari va hokim o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarining 2021-yil yakuniy natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yildan boshlab sektor rahbarlarining KPI natijalari — mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyatlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bilan bevosita bog‘lanishi maʼlum qilindi. Syektor rahbarlari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarining hamkorlikda faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Xasanov sektorlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari - KPI natijalariga to‘xtalib, 2021 yilda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni muhokama qildi, ularni bartaraf etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi. 

Joriy, 2022 yilda faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish, yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘l xaritalarini belgilash, zarur resurslarni manzilli yo‘naltirish, namunali ish tashkil etgan sektor rahbarini rag‘batlantirish, ularni xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborish, qizil hududga tushgan sektor rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Aholi murojaatlari bilan ishlashda har bir rahbar va davlat xizmatchilarining masʼuliyatini oshirish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berildi.

 

Chop etish