Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni davlat fuqarolik xizmatida jalb qilish maqsadida qanday imkoniyatlar berilgan
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi taʼminlanadi
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning maʼlumoti va kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
***
Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 33 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi
Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi.
Kreditlar quyidagi dasturlarni muvaffaqiyatli tugatgan xotin-qizlarga beriladi:
➖ Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi maʼqullangan dasturlar asosidagi o‘quv kurslari;
➖ “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlari.
***
Ayollarni pensiya yoshiga to‘lganligi sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi
Ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.
***
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi
Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
➖ kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar;
➖ to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
➖ turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
➖ nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
➖ 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
➖ ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.
Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi.
***
Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi
2 yoshga to‘lmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (o‘ziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan tanaffus beriladi.
2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi.
Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.
***
Bolali ayolning xohishiga ko‘ra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
***
Xotin-qizlar nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qiganda qilgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.
***
“Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega.
***
Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar to‘lovining:
➖ 10 foizi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida);
➖ 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.
Arizalar tuman hokimi boshchiligidagi hududiy komissiyaga beriladi.
***
Faol va tashabbuskor xotin-qizlar “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi
Qonunchilikka ko‘ra, “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni taʼsis etilgan bo‘lib, mazkur ko‘krak nishoni bilan:
● jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan;
● o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan;
● sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar taqdirlanadi (https://lex.uz/docs/3607779).
12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan haq to‘lanadigan qo‘shimcha taʼtil beriladi
Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan ish haqi saqlanmagan taʼtil beriladi.
Bunday taʼtil yillik taʼtilga qo‘shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.
***
Ayrim xotin-qizlarning kontrakt puli davlat tomonidan to‘lab beriladi
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar kontrakt asosida o‘qishga kirganda kontrakt puli hokimliklar tomonidan (har bir hududdan 100 tadan) 4 o‘quv yili davomida to‘lab beriladi.
Moliyaviy ahvoli yaxshi OTMlar yuqoridagi toifaga kiruvchi 50 nafargacha xotin-qizlarni birinchi o‘quv yilida bepul o‘qitadi.
Kontraktni qoplab berish uchun OTMning qabul komissiyasiga murojaat qilinadi.
***
2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar yengilroq ishga o‘tkaziladi
2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmaganida bolasi 2 yoshga to‘lgungacha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli ishga o‘tkaziladi.
Bunda avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
***
Maʼlum toifadagi shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddati qo‘llanilmaydi:
— homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga;
— korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarga;
— o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli taʼlim muassasasini tamomlagan kundan eʼtiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilarga;
— xodim bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan hollarda.
***
Ayrim ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin
Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.