Namanganda davlat xizmatchisining ota-onasi, yaqinlariga ehtirom ko‘rsatildi

11:23 - 20 Aprel 2022 Yangiliklar
430

Davlat xizmatchisi o‘z sohasida samarali ishlashi uchun avvalo uning oilasi tinch, ro‘zg‘ori but bo‘lishi lozim. Ayniqsa, faoliyatda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymasligi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, halol va samarali ishlashida oilaning o‘rni beqiyos.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali yaxshi tashabbus bilan chiqdi. Filial xodimlarining ota-onalari, yaqinlari hamda davlat xizmatida ishlab ketgan, nafaqadagi nuroniylarni tashkilot binosiga taklif etib, hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlar, ayni damda davlat vakili bo‘lgan farzandlarining xalq bilan qay tarzda ishlashi bilan yaqindan tanishtirdi.

Filial rahbari Shuhratjon To‘xtabayev mehmonlar bilan samimiy muloqoti davomida mamlakatimizda kadrlar siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar, Agentlik faoliyati to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi. Xalqchil davlat xizmatining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi.

Muloqotda har bir xodim zimmasidagi masʼuliyatli vazifalarni sidqidildan, halol, vijdonan va sadoqat bilan bajarishida oilaning, ayniqsa, ota-onaning o‘rni beqiyos ekanligi taʼkidlandi.

— Farzandim Agentlik tizimida ishlayotganidan faxrlanaman. Bugun xodimlar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘rib yana-da quvondim. Ahil jamoasi, mehnat qilib toliqsa, dam oladigan alohida joyi, mutolaa uchun kutubxonasi ham bor. Bu neʼmatlarga shukur qilish, endi faqatgina sadoqat va halollik bilan ishlash kerak, — dedi filial xodimi otasi Mamatxon Usmanov.

Agentlik ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Qolaversa, davlat xizmatchisining oilasida kamol topayotgan farzandlarning ham ota-onasi ishlab turgan korxona va idoralarga ekskursiyasini tashkil etish − kelajak kadrlarining taʼlim-tarbiyasiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishiga ishonamiz.

Chop etish