Lavozimga yangi tayinlangan tuman (shahar) sektor rahbarlari uchun tashkil etilgan maxsus seminar-treningning to‘rtinchi bosqichi boshlandi
So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yilgan sektorlar faoliyati davlat organlarini aholi bilan yana-da yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytda aholining muammolarini joyida, tuman, viloyat va respublika darajasida hal etishni taʼminlashga qaratilgan yaxlit tizim yaratildi.
Hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari boshchilik qilayotgan sektorlar o‘z hududlarida barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni hal etishda boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ish vaqtini samarali taqsimlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sektor rahbarlarining sektorlar ishini tashkil etishdagi faoliyati samaradorligini yana-da rivojlantirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda joriy yilning aprel oyi davomida seminar-trening tashkil qilindi.
O‘quvning 1-bosqichida (4-8-aprel kunlari) Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Samarqand viloyati, 2-bosqichida (11-15-aprel kunlari) o‘tkazilgan seminar-treninglarda Andijon, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari, 3-bosqichida (18-22-aprel kunlari) Navoiy, Buxoro, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarining sektor rahbarlari ishtirok etdi.
To‘rt bosqichda o‘tkaziladigan mazkur o‘quv mashg‘ulotining joriy yilning 25-29-aprel kunlari tashkil etilgan 4-bosqichida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tuman (shahar) sektor rahbarlari jalb qilindi.
Ochilish marosimida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Xasanov ham ishtirok etib, davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar mazmun-mohiyati, sektor rahbarlarining mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikda ishni yo‘lga qo‘yish masalalariga to‘xtaldi.
O‘quv davomida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va maqsadlari, hududlarda sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish chora tadbirlari, sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari, natijalarni hisobga olish va baholashning asosiy mezonlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikni tashkil etish kabi mavzularda 20 dan ortiq treninglar tashkil etilib, ishtirokchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari professional jihatdan yana-da rivojlantiriladi.
Shuningdek, nazariya va amaliyot yaxlitligini taʼminlash uchun tinglovchilarga Toshkent shahrining Olmazor, Sergeli va Yangihayot tumanlarida mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Maxsus o‘quv kursning yakunida o‘tilgan mavzular va sohaga doir test sinovi o‘tkazildi hamda o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.
Har bir bosqichi 5 kundan davom etgan, 4 bosqichli o‘quv kursida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining lavozimga yangi tayinlangan jami 152 nafar tuman (shahar) sektor rahbarlari, jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etmoqda.