Farg‘onada “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi tashkil etiladi

10:29 - 20 Dekabr 2024 Yangiliklar
162

Xabaringiz bor, davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishda “FARG‘ONA TAJRIBASI” yo‘lga qo‘yilgan. 

O‘tgan yil davomida davlatimiz rahbarining PQ-4354-son qarori asosida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali va Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Hamkorlik doirasida anʼana sifatida har yili may oyida viloyatdagi davlat organlarii va tashkilotlari hamda ularda faoliyat olib borayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida “Eng namunali kitobxon davlat fuqarolik xizmati”, “Eng yaxshi kitobxon davlat fuqarolik xizmatchisi”, “Eng boy kutubxonaga ega davlat fuqarolik xizmati” va “Eng yaxshi kitobxon rahbar” nominatsiyalari bo‘yicha ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish belgilandi va yuqori saviyada tashkil etildi.

Ushbu amaliy ishlarning davomi sifatida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati hokimining “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasini tashkil etish va o‘tkazishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Loyihaning maqsadi — davlat xizmatchilari o‘rtasida kasbiy malaka va ko‘nikmalarni doimiy ravishda rivojlantirib borish, kitobxonlikka jalb qilish, ular orasida mutolaa madaniyatini oshirish hamda axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlashdan iborat.

Loyiha doirasida dastlab davlat xizmatchilari kutubxonaga aʼzo bo‘ladi. So‘ng ular uchun buktyuber, buktreylerlar namoyish etiladi, “Zakovatli xodim” intellektual viktorina o‘yini, “Muvaffaqiyatlar maktabi” mahorat darslari o‘tkaziladi.

Viloyatdagi davlat xizmatchilarining mutolaa madaniyatini oshirish va faol kitobxonlarning safini yana-da kengaytirish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkilotlar bilan viloyat Axborot-kutubxona markazi o‘rtasida memorandum imzolanadi. 

Ishtirokchilarning kutubxona bo‘ylab sayohatlari tashkil etiladi.

Chop etish