“Rahbar ayollar maktabi”ning navbatdagi mavsumi uchun nomzodlarni saralash davom etmoqda
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-sonli farmonida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish belgilangan.
2023-yildan buyon tashkil etilayotgan “Rahbar ayollar maktabi” dasturining uchta mavsumida 144 nafar xotin-qizlar malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Dasturning to‘rtinchi mavsumi uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan 125 nafardan ziyod taʼlim muassasalari rahbarlarining ro‘yxati shakllantirildi. Komissiya tomonidan malaka talablariga mos keladigan hamda test sinovlarida yetarli ball to‘plagan 56 nafar nomzod suhbat bosqichiga o‘tdi.
Bugun Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi masʼul xodimlaridan iborat Komissiya tomonidan saralab olingan maktab direktorlari bilan suhbat jarayonlari boshlandi.
Suhbat natijalariga ko‘ra, faoliyati ijobiy, tashabbuskor, o‘z sohasi bo‘yicha bilim, ko‘nikmalari yetarli 50 nafar xotin-qiz Dastur doirasida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘quv dasturi 2025-yil yanvar oyidan boshlanishi rejalashtirilgan.