Bir guruh davlat fuqarolik xizmatchilari Milliy kadrlar zaxirasiga olindi

16:06 - 6 Sentabr 2022 Yangiliklar
1071

Ular endilikda Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida malaka oshirishadi.

Nomzodlar 2 500 nafar davlat xizmatchisi orasidan saralandi. Ular uchun bugundan masofaviy malaka oshirish kurslari boshlandi. Shuningdek, nomzodlar uchun vazirlik va idoralarda amaliyot, xorijiy stajirovka ham tashkil etiladi. 

Tizim ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida takomillashdi. Maqsad —  rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldini olish, milliy, respublika, tarmoq va hududiy darajalarda professional tayyorlangan samarali rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish.
***

Bugun ZOOM platformasi orqali Milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Unda Prezident Administratsiyasi va Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul rahbarlari ham ishtirok etdi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar hududlarga chiqilgan holda maxsus Ishchi guruh tomonidan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Har bir hududda komissiya tarkibi tasdiqlandi. Dastlabki bosqichda, mazkur komissiya tomonidan 2,5 mingga yaqin nomzodning belgilangan malaka talablariga mosligi o‘rganib chiqildi.
Malaka talablariga mos kelgan nomzodlarning bilimi va intellektual salohiyati, shuningdek, shaxsiy sifatlari hamda psixologik holatini aniqlashga qaratilgan test sinovlari o‘tkazildi.

Shu bilan birga, nomzodlarning kompetensiyalarini baholash maqsadida hududiy komissiyalar va ishchi guruh ishtirokida 1 300 dan ortiq nomzod bilan suhbatlar tashkil etildi.

Natijalarga ko‘ra, jami 761 nafar nomzod kadrlar zaxirasiga saralab olindi (jami 246 ta lavozimga o‘rtacha 3 nafardan nomzod).

Muloqotda kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali kasbiy kompetensiyasini oshirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan bugundan boshlab onlayn  malaka oshirish kurslari boshlangani haqida maʼlum qilindi.

Mazkur malaka oshirish kurslari natijasida nomzodlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohadagi bilimlari hamda rahbarlik ko‘nikmalarini yana-da oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, nomzodlar uchun hududlarda anʼanaviy taʼlim olish, soha bo‘yicha vazirlik va idoralarda amaliyot, xorijiy stajirovka ham tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Milliy kadrlar zaxirasi — davlat fuqarolik xizmatida rahbar kadrlar tarkibining barqarorligi va sifatini taʼminlash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyalarini oshirish hamda xizmatchilarni lavozim bo‘yicha ko‘tarish maqsadida tashkil etilgan. 

Chop etish