Davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyatida natijadorlik — bosh mezon bo‘ladi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 4-avgust kuni davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, hozirgi kunda davlat xizmatida 118 ming kishi mehnat qilayotganligi, natijadorlik bo‘yicha aytganda, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga to‘liq aylanmagani taʼkidlandi.
Shuningdek, Prezidentimiz davlat xizmatchilari faoliyatining kafolatlarini kuchaytirilishi bo‘yicha, xususan, kelgusi yildan xodimning tajribasi, malakasi va erishgan natijasiga qarab rag‘batlantirish tizimi joriy qilinishi bo‘yicha topshiriqlar berdilar.
Taʼkidlash lozimki, 2022-yil 8-avgust kuni “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonunning 36-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining samaradorligini baholash” masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unga ko‘ra,
davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini taʼminlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimi joriy etilishi;
davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanishi;
davlat organi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash uslubiyatiga muvofiq faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘z ichki tartibini belgilashi kabi normalar mustahkamlandi.
Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan milliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish, tahlil qilish, ilg‘or tajriba, yutuqlardan foydalangan holda “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash USLUBIYATI” loyihasi tayyorlandi.
Mazkur Uslubiyat “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasiga asosan davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish, xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini taʼminlash maqsadida uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar (EMSK) asosida baholash tartibini belgilaydi.
Ushbu tizim kadrlarning kasbiy faoliyatida yuqori natijalarga erishishini rag‘batlantirish orqali davlat organi faoliyatining natijadorligini oshiradi.
Taʼkidlash lozimki, davlat organida baholash quyidagi izchillik asosida amalga oshiriladi:
faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha davlat organiga yuklatilgan vazifa va funksiyalar, shuningdek davlat dasturlari va nazorat rejalar hamda topshiriqlardan kelib chiqqan holda davlat organining EMSKni ishlab chiqish;
davlat organining EMSKni “zanjir uslubi” asosida taqsimlash orqali davlat fuqarolik xizmatchisining individual EMSKni ishlab chiqish;
EMSKga erishilishi bo‘yicha doimiy monitoring olib borish.
EMSKning natijalariga ko‘ra rag‘batlantirish va taʼsir choralari qo‘llanadi. EMSKning maqsadli va amaldagi natijalarini muntazam ravishda Yagona elektron platformaga kiritib borilishini taʼminlanadi.
Baholash tizimining asosiy tamoyillari:
muvofiqlik – baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisining individual EMSKni davlat organining EMSK bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lishi;
ishonchlilik – baholashning amaldagi natijalarini tegishli faktlar bilan tasdiqlash imkoni mavjud bo‘lishi;
shaffoflik – maʼlumotlarni kelib chiqish manbasini tekshirish imkoni yaratilishi;
adolatlilik – EMSK mavjud imkoniyat va vakolatlarga muvofiq holda ishlab chiqilishi, baholash va uning natijalari bo‘yicha qo‘llaniladigan rag‘batlantirish va taʼsir choralari odilona bo‘lishi, yaʼni xodimlarni natijadorlikka yo‘naltirishi kerak.
Davlat fuqarolik xizmatchisining EMSK quyidagi talablarga javob berishi kerak:
aniq, prognoz qilinayotgan natija va kutilayotgan ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘ri belgilanishi;
o‘lchanadigan, muayyan shartli birliklarida o‘lchash mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlardan foydalanilishini nazarda tutishi;
erishish mumkinligi, prognoz qilinayotgan parametrlar mavjud resurs va vakolatlar bilan muvofiq bo‘lishi;
vaqt chegarasining mavjudligi, erishishning aniq muddatlari belgilanishi;
kompetentligi, EMSK davlat fuqarolik xizmatchisining belgilangan vazifalari va javobgarligi doirasida bo‘lishi;
maqsadliligi, davlat organining strategik maqsadlariga erishishga yo‘naltirilganligi.
Uslubiyat bilan:
baholash tizimini joriy etish bosqichlari;
baholash tizimini joriy etishni tashkillashtirish;
EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
amaldagi EMSKni hisoblash;
davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini baholash mexanizmi;
faoliyat samaradorligini baholashning boshqa metodlari (baholash intervyusi, “360 daraja” baholash);
baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisi EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash masalalarida, shuningdek amaldagi EMSKni hisoblash natijalari bo‘yicha bevosita rahbarining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda mazkur qaror yuzasidan yuqori turuvchi rahbarga shikoyat qilish tartibi bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinmoqda.
Amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash USLUBIYATI” loyihasi normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portali https://regulation.gov.uz/oz/d/68180 ga qo‘yildi.
O‘ylaymizki, ushbu loyiha bilan barcha davlat xizmatchilari tanishib, loyihani takomillashtirish yuzasidan o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildiradilar.
Kelgusida ushbu taklif va tavsiyalar asosida Uslubiyat loyihasi takomillashtirib, amaliyotga joriy etiladi hamda pirovard maqsad — aholi roziligiga erishiladi.
Otabek RAXIMOV,
Agentlikning Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti bosh inspektori