Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun navbatdagi qisqa muddatli malaka oshirish kursi boshlandi

14:49 - 31 Oktabr 2022 Yangiliklar
643

O‘quvlar Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida tashkil etildi. Unda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi masʼul vakillari, nomzodlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Taraqqiy etgan davlatlarning har bir jabhada yuqori natijalarga erishishining asosiy sabablaridan biri – bu samarali va raqobatbardosh davlat apparatining mavjudligidadir. Malakali rahbar kadrlar korpusi esa mazkur apparatning o‘zagini tashkil etadi. Albatta, bunda davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati ham mazmunan, ham shaklan farqlanadi, ammo ularni yagona maqsad birlashtiradi, u ham bo‘lsa, xalqning turmushini yaxshilash va odamlarni rozi qilish.

Maʼlumki, joriy yilning 8-avgustida davlatimiz rahbari “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat bo‘lib, uning 25-moddasi “Milliy kadrlar zaxirasi” deb nomlanadi. Ushbu moddaga muvofiq, Milliy kadrlar zaxirasi — davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan holda saralab olish, tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish tizimidir.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish, davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tartibga solish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.

Avval xabar berganimizdek, bugungi kunga kelib davlat organlari va tashkilotlaridagi rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish ishlari amalga oshirildi.

Milliy kadrlar zaxirasiga olingan bir guruh davlat fuqarolik xizmatchilari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida malaka oshirmoqda. Jumladan, bugun Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridan Milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlar uchun bir haftalik maxsus malaka oshirish kursi boshlandi.

O‘quv tinglovchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi, korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatini raqamlashtirish, boshqaruv mahorati yo‘nalishlaridagi intellektual va professional salohiyatini oshirishga qaratilgan. Tinglovchilar 2 bosqichda, onlayn va oflayn tarzda malaka oshirmoqda.  

Nomzodlar uchun o‘quv  davomida ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Tegishli barcha vazirlik va idoralar rahbarlari, Akademiyaning professor-o‘qituvchilari tomonidan:

Bugungi kundagi zamonaviy rahbar qiyofasi,

Hokimlik instituti: institutsional va funksional masalalar,

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish,

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati,

Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari,

Qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish hisobiga aholi bandligini taʼminlash, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishning asosiy yo‘nalishlari,

Mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi – yoshlar dasturlari va yoshlar balansi,

Yuqori malakali amaliyotchilar bilan suhbat, mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlash mexanizmlari,

Rahbar odob-axloqi, Davlat xizmatchilarida liderlik va professional moslashuv ko‘nikmalarini shakllantirish,

Davlat xizmatida jamoatchilik bilan aloqalar va media savodxonlik,

Tadbirkorlikni barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish dasturlari
doirasida loyihalarni tanlash hamda kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilishini taʼminlash, 

Taym-menejment, uning maqsadini belgilash, ish yuklamasini samarali taqsimlash va topshiriqni uzatish, diplomatik protokol va xizmat etiketi, mehmonlarni qabul qilish (tashriflar). protokol va etiket meʼyorlari,

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish,

Hududlarning strategik maqsadlarini amalga oshirishda o‘zgarishlarni boshqarish va forsayt kabi bir qator muhim yo‘nalishlarda bugungi kun rahbarlari uchun zarur bilimlar beriladi, masʼul rahbarlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Milliy kadrlar zaxirasi – bu malakali kadrlar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan, davlat fuqarolik xizmatini malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini taʼminlaydigan maʼlumotlar bazasi hisoblanadi. Milliy kadrlar zaxirasi davlat sektorida rahbar kadrlar tarkibini barqaror taʼminlash, uning sifatini yaxshilash, davlat xizmatchisining kasbiy bilimini oshirish hamda xizmatda lavozimi bo‘yicha ko‘tarish maqsadida shakllantiriladi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugun tizim ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida takomillashdi. Maqsad — davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldini olish, milliy, respublika, tarmoq va hududiy darajalarda professional tayyorlangan samarali rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish.

 

Chop etish