Istiqbolli boshqaruv kadrlarni saralab olish va tayyorlashning zamonaviy tizimi joriy etilmoqda
Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini oshirish, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqara oladigan salohiyatli va tashabbuskor davlat fuqarolik xizmatchisini shakllantirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir.
So‘nggi yillarda davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlarini professional sifatlarga ega, salohiyatli va eng munosib kadrlar bilan taʼminlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi, unga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, salohiyatli rahbar kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirish tizimi yaratildi.
Bugungi kunda salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda Milliy kadrlar zaxirasiga kirishda barcha fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash bo‘yicha “100 nafar ilg‘or yetakchi” Dasturi joriy etilmoqda.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur Dasturni ishlab chiqish jarayonida ilg‘or va rivojlangan davlatlarda (AQSH, Yevropa davlatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, BAA, RF) joriy etilgan o‘xshash dasturlar tajribasi o‘rganildi. Xususan, rivojlangan mamlakatlarning tajribasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi tizimiga nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralab olish, nomzodlarga qo‘yilgan minimal talablar, kasbiy kompetensiyalar asosida o‘qitish, tanlov g‘oliblarini moddiy rag‘batlantirish, pul mukofotlari berish hamda yuqori lavozimlarga tayinlash yoki zaxiraga kirish imkoniyatlari mavjudligi aniqlandi.
Ilg‘or xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki yosh mutaxassislarga eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish orqali davlat xizmatiga iqtidorli, salohiyatli kadrlarni jalb qilishga zamin yaratadi.
Dasturdan ko‘zlangan maqsad ham istiqbolli boshqaruv kadrlarni ochiq tanlov asosida saralab olish, tanlov g‘oliblarida boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitish, ularni mahalliy va xorijiy stajirovkaga yuborishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini tashkil etishdan iborat.
Dasturning maqsad va vazifalarini amalga oshirish, ochiq tanlovni yuqori saviyada tashkil etish uchun vazirlik, idoralarning rahbarlaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasi shakllantirilishi nazarda tutilgan.
Tanlovda davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan, yoshlar, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda. Tanlov yakuniga ko‘ra 100 nafar g‘oliblar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, tanlov g‘oliblari bir yil davomida:
shaxsiy rivojlanish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
ikki oylik maxsus o‘quv dasturi asosida tahsil oladi;
davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlariga “dublyor” sifatida biriktirilgan holda kamida uch oylik mahalliy stajirovka o‘taydi;
rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida kamida bir oylik stajirovka o‘taydi.
Yuqoridagi shaxsiy rivojlanish rejasini to‘liq va muvaffaqiyatli bajargan, maxsus o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda mahalliy va xorijiy stajirovkalarni to‘liq o‘tagan g‘oliblar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi belgilangan.
Oybek SAYIDUMAROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi