Davlat xizmati uchun istiqbolli kadrlarni xorijda tayyorlash amaliyoti natija bera boshladi
So‘ngi yillarda mamlakatimizda kadrlarni tayyorlash, ularning eng munosiblarini davlat xizmatiga ochiq va shaffof tamoyillarga asoslangan tizim orqali ishga jalb qilish, shuningdek, uzluksiz malakasini oshirib borish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston uchun xalqaro standartlarga asoslangan va nufuzli oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalarida zamonaviy kadrlarni, shu jumladan, yoshlarni maqsadli tayyorlash hamda istiqbolli davlat xizmatchilarini chet elda taʼlim olishlarini rag‘batlantirish hamda taʼlim olganidan so‘ng munosib ish o‘rinlari bilan taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-sentyabrdagi PF-5545-sonli Farmoni bilan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 7-yanvardagi PF-1694-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Iqtidorli yoshlarning chet elda taʼlim olishlarini qo‘llab-quvvatlash «Umid» jamg‘armasi tashkil etilib, 1997-2003-yillarda jamg‘arma grantlari asosida 828 nafar yoshlar (363 nafari bakalavriat, 465 nafariga esa magistratura dasturlarida) xorijda tahsil olgan.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy maqsadi – iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularning xorijdagi nufuzli oliy taʼlim, ilmiy tadqiqot muassasalarida taʼlim olishini tashkil etish, zamonaviy bilimga ega yangi avlod kadrlarini shakllantirish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy aloqa o‘rnatish orqali ularni mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevralda “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yana-da oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6168-son Farmoni (keyingi o‘rinlarda – Farmon) qabul qilinib, mamlakatimiz yoshlarini xorijiy taʼlim muassasalariga o‘qishga yuborish tizimi takomillashtirildi va bu borada bir qator yangiliklar va yengilliklar joriy etildi.
Xususan, mazkur Farmonga asosan, ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish dasturlari Jamg‘armaning asosiy taʼlim dasturlari hisoblanishi hamda Jamg‘arma taʼlim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralash tanlovi muntazam ravishda va O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun, ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qatʼiy nazar ochiq tarzda amalga oshirilishi belgilandi.
Jumladan, 2018-2022-yillar davomida jami 1502 nafar iqtidorli va istiqbolli yoshlar hamda soha mutaxassislarining jamg‘arma stipendiati sifatida xorijdagi rivojlangan davlatlarning taʼlim muassasalari va ilg‘or kompaniyalarida taʼlim olishi va stajirovka o‘tashi tashkil etildi.
Stipendiatlar dunyoning jami 40 dan ortiq davlatida, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi ilg‘or mamlakatlarning 330 dan ziyod universitetlari, ilmiy markazlari va nufuzli kompaniyalarida taʼlim olib, bugungi kunda 1062 nafari mamlakatimizga qaytib kelib, turli sohalarda, xususan taʼlim, ilmiy-tadqiqot, sog‘liqni saqlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda iqtisodiyotning turli soha, tarmoqlarida samarali faoliyat olib bormoqda.
XORIJDA TAʼLIM OLIB QAYTGAN STIPENDIATLARNING TAʼLIM DASTURLARI KESIMIDA TAHLILI
Bugungi kunda 440 nafar stipendiatlar AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda bakalavriat, magistratura, ordinatura hamda doktorantura dasturlarida o‘qishlarini davom ettirmoqdalar.
Farmon bilan joriy etilgan yangi tizimga ko‘ra, Jamg‘armaning stipendiya tanlovlari:
- muntazam ravishda;
- O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun;
- nomzodlarning ish va o‘qish joyidan qatʼiy nazar;
- ochiq tarzda amalga oshiriladi.
Jamg‘arma stipendiya tanlovlarida ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar Farmon bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi taʼlim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni ochiq saralash tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan o‘z hujjatlarini maxsus elektron tizim orqali yuboradi.
Maʼlumot uchun: Saralash tanlovida ishtirok etish uchun hujjatlarni qabul qilish tartibi nizomning 3-bandida belgilangan.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining Vasiylik kengashi tomonidan nomzodlarni tanlov asosida saralab olish yo‘nalishlari va Jamg‘arma taʼlim dasturlari bo‘yicha taʼlim sohalari kesimida kvotalar ajratish uchun istiqbolli hamda talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar ro‘yxati belgilanadi.
Jamg‘arma taʼlim dasturlari bo‘yicha saralash ikki bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqich nomzodlarning hujjatlarini nizomda belgilangan talablar asosida qabul qilish, tahlil qilish va ro‘yxatga olishni nazarda tutadi.
Alohida eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim shartlardan biri, bu nomzodlarning, TNE (The Times Nigher Education World University Rankings), QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), The U. S. №yews and World Report (Best Global University Rankings) va ARWU (Academic Ranking of World Universitiyes) kabi xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan akademik reytingning eng ilg‘or 300 ta (yoki tanlab olingan fan bo‘yicha yetakchi 100 ta) taʼlim va ilmiy muassasalar ro‘yxatidan joy olgan xorijiy taʼlim, ilmiy hamda boshqa muassasalarga o‘qishga kirishi va ushbu muassasalardan taklifnoma xati (Letter of acceptance yoki Letter of conditional acceptance)ga ega bo‘lishi hisoblanadi.
2-bosqichda nomzodlar bilan xorijda taʼlim olishdan ko‘zlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olingan bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, maʼnaviy-axloqiy tafakkuri, sog‘lom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, shuningdek, davlat tilini bilish darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Ochiq saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiati deb eʼtirof etiladi hamda ularga belgilangan tartibda sertifikatlar topshiriladi.
Jamg‘arma stipendiyalarining xorijda taʼlim olish bilan bog‘liq quyidagi xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi:
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimiz fuqarolari, shu jumladan, yoshlariga xorijda taʼlim olish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, taʼlim bilan bog‘liq deyarli barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Fikrimizcha, mazkur yaratilgan imkoniyatlar zamonaviy bilim, tajribaga ega bo‘lgan kadrlarni yetishtirish va kelgusida davlat xizmati uchun eng munosiblarini jalb qilish uchun xizmat qiladi.
Abduraxmon Umarov,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi