Maʼmuriy islohotlar: vazirlik, idoralarning kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rahbarlari bilan muloqot qilindi

16:17 - 27 Yanvar 2023 Yangiliklar
1755

Maʼmuriy islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra, Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar (keyingi o‘rinlarda – vazirlik va idoralar) hamda ular hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalarining Davlat byudjeti hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni tasdiqlandi. Vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha boshqaruv shtat birliklarini kiritish qatʼiyan taqiqlandi.

Vazirlik va idoralar tizimida qisqartirilayotgan 17 447 ta shtat birliklari masalasi, xodimlarni ish bilan taʼminlash, bu yo‘nalishdagi tashkiliy chora-tadbirlarni to‘g‘ri va qonunchilikka muvofiq amalga oshirish dolzarb hisoblanadi. Aynan shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligi masʼullari vazirlik va idoralarning kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rahbarlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqotda PF-14-sonli Farmoniga muvofiq shtatlar jadvalini tuzish, xodimlarni ishga qabul qilish, mehnat munosabatlarini davom ettirish va bekor qilishni rasmiylashtirishda eʼtibor qaratilishi muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi.

Asosiysi, qayta tashkil etilayotgan va bo‘ysinuvi o‘zgarayotgan organlardagi xodimlar bilan mehnat munosabatlarini Mehnat kodeksida ko‘rsatilgan tartibda davom etishiga urg‘u berildi hamda shtati bo‘yicha esa avval ularni malakasi va mutaxassisligi to‘g‘ri keladigan bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish choralarini ko‘rish, umuman imkonsiz hollardagina bo‘shatish mumkinligi haqida yo‘l-yo‘riqlar berildi.

Bu jarayonda asosiy masʼuliyat yuklatilgan kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari masʼullari ham mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq savollariga javob olishdi.

Ishtirokchilar muloqot ayni vaqtida tashkil etilgani, Farmon ijrosini taʼminlashda faqat va faqat amaldagi  qonunchilikka muvofiq ish ko‘rilishi haqida tushuntirishlar berilganini maʼlum qilishdi.


 

Chop etish