Davlat xizmatini rivojlantirishda xususiy sektor bilan tajriba almashish jarayonlari sinovdan o‘tkazilmoqda
Bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar siyosati yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Bunda tashkilotning xodimlar bilan ishlash mutaxassislarining salohiyati muhim ahamiyatga ega. Shu o‘rinda Inson resurslarini boshqarish va salohiyatini rivojlantirish borasida xususiy sektor tashkilotlarining o‘ziga xos amaliy tajribasini alohida eʼtirof etish joiz.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali tashabbusi bilan bugun davlat organlari va tashkilotlarining xodimlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislari uchun viloyatdagi “Lactalis Agro” MCHJ korxonasining HR tizimi amaliyoti bilan tanishish maqsadida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur ishlab korxona 90 yillik tarixga ega bo‘lgan Fransiyaning taniqli xalqaro “Lactalis” konsernining O‘zbekistondagi tarmog‘i hisoblanadi. “Lactalis” konserni dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida 270 ta ishlab chiqarish korxonalariga ega. “Lactalis” brendi O‘zbekistonga 2019-yilda sut mahsulotlari bozoriga kirib kelgan. Bugungi kunda asosiy ishlab chiqarish korxonasi Namangan viloyatida joylashgan bo‘lib, unda 250 dan ortiq xodimlar faoliyat olib bormoqda.
Seminarda Agentlik filial rahbari o‘rinbosari I.Xodjiyev hamda “Lactalis Agro” MCHJ korxonasi Xodimlar bilan ishlash bo‘limi menejeri Z.Yengalicheva va mutaxassis L.Sharaxmedovalar ishtirok etdi.
“Lactalis Agro” MCHJ korxonasi mutaxassislari tomonidan zavodning HR tizimi, yaʼni korxonaga ishga qabul qilishda tanlov jarayonlari, qabul qilingan xodimlarni ishga moslashtirish, ular bilan doimiy ishlash, malakasini oshirish va shaxsiy rivojlanishga yo‘naltirish, xodimlarni to‘g‘ri rag‘batlantirish shu bilan birga kadrlar zaxirasi bilan ishlashda oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar.
Bundan tashqari, bugungi kunda tashkilotdagi zamonaviy inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar qanday talablarga javob berishi kerakligi tushuntirildi.
Seminar savol-javoblar, o‘zaro muzokaralar bilan konstruktiv ruhda o‘tdi.