Qashqadaryolik bir guruh davlat xizmatchilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi

10:38 - 19 Aprel 2023 Yangiliklar
364

Joylarda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyatining davlat xizmatchilari bilan ochiq muloqotlari davom etmoqda.

 

Qashqadaryoda tashkil etilgan muloqotda ham Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov viloyat boshqarma va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan Kadrlar bo‘linmalari masʼullari, davlat xizmatchilarini tingladi.

O.Xasanov dastlab davlatimiz rahbari boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr bildirdi, bunda davlat xizmatchilarining masʼuliyatini oshirish, xalq bilan samarali ishlashni yana-da jadallashtirish zarurligini taʼkidladi.

Shundan so‘ng, Prezidentning 2022-yil 22-dekabrdagi PF–269-sonli hamda 2023-yil 25-yanvardagi PF–14-son Farmonlari ijrosi tahlil qilindi. Maqbullashtirish jarayonini tashkil etishda yuzaga kelayotgan masalalar o‘rtaga tashlandi.

Amaldagi mehnat qonunchiligi talablari, unda ish  beruvchilarning xodimlarni ishga joylashtirishdagi majburiyatlari yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, shtat birliklari qisqartirilgan har bir xodimning malakasiga muvofiq, tizimdagi boshqa bo‘sh lavozimlarga ishga joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ishtirokchilar takliflariga asosan, maʼmuriy islohotlar ijrosi yuzasidan maxsus seminar tashkil etishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi bir qator mavjud muammolar muhokama qilindi, turli takliflar olindi, sohadagi ustuvor vazifalar belgilandi. Xalqchil davlat xizmatini ko‘rsatishda Kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining o‘rni va roli katta ekanligi taʼkidlandi. 

Chop etish