Davlat boshqaruvi tizimida maʼmuriy islohotlar — xalqqa ixcham va samarali xizmat ko‘rsatishni taʼminlaydi
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish har bir sohada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada o‘ziga xos huquqiy yechim bo‘ldi. Yangi bosqichdagi davlat boshqaruvi tizimiga o‘tish, maʼmuriy apparatni yangilash eng muhim islohot bo‘ldi.
Bugun Davlat boshqaruvi akademiyasida “Davlat boshqaruvi tizimida maʼmuriy islohotlar: O‘zbekiston va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusida muloqot tashkil etildi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi hamkorligida onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan muloqotda hamkor tashkilotlar rahbariyati, masʼul vakillari, xalqaro ekspertlar, yetakchi olimlar, tadqiqotchilar, davlat xizmatchilari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida rivojlangan mamlakatlarning maʼmuriy islohotlar bo‘yicha tajribalari muhokama qilindi, sohaga oid fikr-mulohazalar almashinildi, mavjud muammolar hamda istiqboldagi chora-tadbirlar tahlil etildi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlar, xalq bilan samarali ishlashning quyigacha tushgan mexanizmlari, natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimiga o‘tishda ijro organlarini optimallashtirish bosqichlari va jarayonlari haqida maʼlumot berildi.
Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi, Singapur Milliy universitetining Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, “Yuksalish” umummilliy harakati va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, masʼul vakillari, xalqaro ekspertlar, yetakchi olimlar, mutaxassislar hamda tadqiqotchilar maʼruza va takliflari bilan ishtirok etdi.
— O‘zbekiston hukumatidagi jadal olib borilayotgan islohotlar jahon ekspertlarining ham nigohida bo‘lib turibdi. Xususan, o‘zim ham o‘zgarishlarni kuzatayapman. Aytishim joiz, samarali boshqaruv va kadrlar salohiyatini rivojlantirishga to‘g‘ri yondashuv bo‘yicha O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayman.
Singapurda davlat xizmatchilari va raqamlashtirish sohasida kadrlarni tayyorlash jarayoni tizimli ravishda tashkil qilingan. Qolaversa, O‘zbekiston davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushirilmoqda.
Istiqbolda hamkorlikni rivojlantirishning Osiyo pragmatizmi va G‘arb taʼlimining eng ilg‘or yo‘nalishlarini belgilab, davlat siyosati, davlat xizmati, inson resurslarini boshqarish hamda xalqaro aloqalar borasida uzoq do‘stlik aloqalarini olib boramiz, — dedi Singapur davlat siyosati maktabi professori Eduardo K. Araral.
Muloqot davomida maʼmuriy islohotlar sharoitida davlat xizmatini isloh etishning ustuvor yo‘nalishlari, islohotlarni samarali amalga oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy zaruriyati, bu borada qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalari, natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimiga o‘tishda ijro organlarini optimallashtirish bosqichlari va jarayonlari, davlat boshqaruvida Singapur tajribasi, Gruziyada davlat boshqaruvi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tendensiyasi kabi masalalar muhokama qilindi.
Qizg‘in bahs-munozaralar davomida qator takliflar ishlab chiqildi. Davlat boshqaruvi tizimidagi maʼmuriy islohotlar — xalqqa ixcham va samarali xizmat ko‘rsatishni taʼminlashi taʼkidlandi. O‘zbekistonning bu sohadagi islohoti xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy qabul qilindi.
Fotolavhalar