“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining 4-mavsumi o‘quvlari boshlandi

14:52 - 2 May 2023 Yangiliklar
810

Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan maxsus Dastur Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi va Akademiya hamkorligida tashkil etildi. Dasturning ochilish marosimida hamkor tashkilotlar rahbariyati, masʼul vakillari, o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari va mutaxassislari, "Kelajak liderlari" klubi aʼzolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Dastur yosh kadrlar kompetensiyasini rivojlantirishga qaratilgan. Tinglovchilar Dastur davomida liderlik, jamoani shakllantirish, taym-menejment, loyiha boshqaruvi, strategik tahlil, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi sohalarda saboq olishadi. Vazirlik, idoralar rahbarlariga dublyor bo‘lishadi. 

Ochilish marosimida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori  Adxam Bekmurodov ishtirok etib, dastavval davlatimiz rahbari boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalishdi. 

Otabek Xasanov xalqchil davlat xizmatini ko‘rsatishda yosh davlat xizmatchilarining o‘rni haqida alohida fikr bildirdi. Yosh kadrlarni davlat xizmatiga bosqichma-bosqich tayyorlash jarayonlari, sohada erishilgan qator natijalar, shuningdek oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida tinglovchilar bilan suhbatlashdi. Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishda yosh davlat xizmatchilarining taklif va tashabbuslari, kreativ fikrlari muhim ekanligini bildirdi. Dastur ishiga muvaffaqiyat tiladi.
 
Taʼkidlash kerakki, istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus intensiv malaka oshirish dasturining birinchi mavsumi 2021-yilning fevral-aprel oylarida tashkil etilgan edi. 

Shu kungacha jami 150 nafar bitiruvchilardan 50% yuqori lavozimlarga zaxiraga olingan bo‘lsa, 65% egallab turgan lavozimiga nisbatan yuqori lavozimga tayinlandi. Ular orasida, viloyat hokimi o‘rinbosari, tuman shahar hokimi o‘rinbosarlari, vazirlik idoralarda bosh boshqarma boshliqlari borligi dasturning natijadorligiga dalolat.

Milliy zaxirani yuqori tajribaga va zamonaviy ko‘nikmalarga ega kadrlardan shakllantirish masalasiga yana-da tizimli yondashgan holda “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining navbatdagi mavsumiga istisno tariqasida faqat hudularda tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klublari aʼzolari orasidan faoliyat olib borayotgan jami 170 nafar yoshlar orasidan 59 nafari tanlab olindi.

To‘rtinchi mavsum joriy yilning 2-mayidan – 10-iyunigacha davom etadi. Tinglovchilar 6 hafta davomida Davlat boshqaruvi akademiyasining professor - o‘qituvchilari tomonidan zamonaviy bilim va tajribaga ega bo‘lishadi. Vazirlik va idoralarda stajirovka va dublyorlik o‘tashadi.

Mazkur Dasturning yana bir ustuvor jihati, nafaqat yetuk professor-o‘qituvchilardan bilim olish imkoni mavjud, balki 14 ta hududdagi yuzaga kelayotgan mavjud muammolarning yechimini birgalikda topish hamda to‘plangan tajribalarni o‘zaro almashish (netvorking) imkoniyati ham bor.

Yakunda o‘quv dasturi bosqichlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchilarga sertifikat topshiriladi.

Foto

Chop etish