Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

15:58 - 24 Iyul 2023 Yangiliklar
580

Unda Jamoatchilik kengashi aʼzolari, tashkilotning tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Dastlab Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari, Jamoatchilik Kengashi raisi Otabek Xasanov o‘tgan davrda O‘zbekistonda davlat xizmati sohasidagi islohotlar, rivojlantirish istiqbollari haqida maʼlumot berdi. 

Shundan so‘ng,  tashkilotning 1- yarim yillikda amalga oshirgan ishlari, Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi  yuzasidan tahliliy maʼlumot berildi.  

Jumladan: 

— Agentlikning davlat fuqarolik xizmatiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, ochiq tanlovlarni o‘tkazishda shaffoflikni to‘liq taʼminlash, inson omilini qisqartirish, “Davlat xizmatchisi” mobil dasturini joriy etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, HRM.ARGOS.UZ tizimi hamda Davlat fuqarolik xizmatiga salohiyatli yoshlarni jalb qilish va davlat xizmatining jozibadorligini oshirish maqsadida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining vazirlik, idoralarga stajirovkalarini tashkil etish masalalari yuzasidan;

— Sektorlar rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash tizimi va  reyting natijalari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, samaradorlik.uz platformasi faoliyati yuzasidan;

— Maʼmuriy islohotlar jarayonida vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mavjud holatni o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ko‘rilayotgan choralar yuzasidan;

—  Agentlik masʼul vakillari tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining rahbarlik lavozimlariga istiqbolli va salohiyatli boshqaruv kadrlarni saralash va tayyorlash bo‘yicha “100 nafar eng ilg‘or yetakchi” dasturini yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan;

— Davlat fuqarolik xizmatchilarning manzilli va samarali malaka oshirishini tashkil etishdagi dolzarb holatlar, jumladan, vazirlik va idoralar qoshidagi malaka oshirish markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan maʼlumot berildi.

Qolaversa, Jamoatchilik Kengashida “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” davlat dasturida nazarda tutilgan davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish yo‘nalishidagi vazifalar ijrosini taʼminlash uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Agentlik faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha Kengash aʼzolari o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. 

Yig‘ilish davomida Jamoatchilik kengashining 2023-yil 2-yarim yillik ish rejasi bir ovozdan tasdiqlandi.

Chop etish