Davlat fuqarolik xizmatida ochiqlik va hisobdorlik muhim
Bugun Milliy matbuot markazida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tashkilot rahbariyati, masʼullari, OAV xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish tizimi faoliyati, platformaga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida jamoatchilikka maʼlumot berildi.
Xabaringiz bor, davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishga tushirilgan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz faoliyat yuritmoqda.
Portal orqali joriy yilda respublikaning 70 ta vazirlik va idoralari hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 19 407 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilib, ushbu vakant lavozimlarga jami 554 187 nafar nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirilgan.
Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p tanlovlar Mahallalardagi hokim yordamchilari yo‘nalishida — 2 765 ta, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida — 2 592 ta, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida — 1 974 ta, Yoshlar ishlari agentligi — 1 950 ta o‘tkazilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p tanlovlar Andijon (2357 ta) Samarqand (2 202 ta) va viloyatlarida o‘tkazilgan bo‘lib, shuningdek, Farg‘ona viloyatida — 1 702 ta, Surxondaryo viloyatida — 1 630 ta, Qashqadaryo viloyatida — 1 549 tani tashkil etmoqda.
Yakuniga yetgan tanlovlar bo‘yicha 7 471 nafar malakali nomzodlar davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi.
Tanlov g‘oliblarining 2 664 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 2 627 nafari ayollar, 1 211 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.
Ilg‘or xorijiy tajribalar hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolardan kelib chiqib, Agentlik tomonidan tanlov bosqichlarini doimiy takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda ochiq tanlovlar jarayonida nomzodlarning bilimini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari uchun mo‘ljallangan yagona “Davlat fuqarolik xizmatchisi” test savollari to‘plamini ishlab chiqdi.
Test savollari to‘plami quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
— milliy qonunchilik;
— davlat tili;
— axborot kommunikatsiya texnologiyalari;
— mantiq, yaʼni IQ.
Test sinovi davomida nomzodga har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. Maʼlumot uchun, ilgari 40 ta savolga 50 daqiqa vaqt ajratilar edi.
Savollar to‘plami vazirlik va idoralarning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari va nomzodlarning takliflari asosida yana-da takomiliga yetkazildi.
Shuningdek, testlar to‘plamidagi savollar bosqichma-bosqich Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasiga joylashtirib borilmoqda. Ayni vaqtda har bir savollar blokidan 20 tagacha bo‘lgan savollar portalning “Test savollari” bo‘limiga joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, testlar to‘plamidagi savollar tarkibi muntazam ravishda yangilab boriladi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, joriy yilning 1 dekabridan boshlab, tanlovlarning test sinovi bosqichiga yagona o‘tish bali belgilanadi. Bunda nomzod tomonidan 56 ball to‘plangan taqdirda avtomatik ravishda uning portaldagi shaxsiy kabinetiga tanlovning suhbat bosqichiga o‘tganligi haqidagi xabar keladi.
Yana bir muhim yangilik. Endilikda nomzodlar tomonidan test sinovi jarayonida 56 ball to‘plangan taqdirda, ular 3 oy (90 kun) mobaynida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etishlari shart emas. Yaʼni, 1 dekabr kuni test sinoviga kirib, 56 ball to‘plagan nomzod 3 oy davomida shu ball bilan boshqa vakant lavozimlar uchun tanlovlarda ishtirok etishi mumkin. Bunda nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga o‘tganligi yuzasidan xabar oladi. 55 balgacha to‘plagan nomzod har gal o‘rnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart bo‘ladi.