Inson kapitalini rivojlantirish yo‘lida: O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi
Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati
Mamlakatimiz rahbarining 2024-yildagi ilk davlat tashrifi aynan Xitoyga amalga oshirilishida ham ramziy maʼno bor. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga, ikki davlat munosabatlari tarixida o‘ziga xos yangi sahifani ochishga xizmat qiladi.
Ushbu davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “O‘zbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan do‘stlik va hamkorlik” nomli maqolasi Xitoyning markaziy gazetalarida eʼlon qilindi. Unda davlatimiz rahbari Rais Si Szinpin boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasining hozirgi taraqqiyot yo‘li, jahonda tobora oshib borayotgan nufuzi va mavqeyi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning uzoq tarixiga yuksak baho berdi.
“Buyuk qadimiy sivilizatsiyalar har doim bir-biriga o‘xshash, bir-birini tushunadi va ruhan yaqindir. O‘zbek va xitoy xalqlarining madaniyati va ideallari o‘xshash”, deya taʼkidlanadi maqolada.
Darhaqiqat, boy tarixiy merosga ega mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Tarixan Buyuk ipak yo‘li mintaqa xalqlarini bir-biriga bog‘lab, nafaqat savdo, balki ilmiy va madaniy rishtalarni bog‘lashda muhim rol o‘ynagan.
Bugungi kunda ikki davlat yetakchilarining mustahkam do‘stligi va siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasida jadal rivojlanib kelmoqda. Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston va Xitoy xalqaro maydonda umumiy manfaatli masalalar bo‘yicha, shuningdek, milliy rivojlanish strategiyasini ilgari surishda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Maʼlumki, ikki davlat o‘rtasida 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Tomonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Xitoy uzoq yillar davomida O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkori sifatidagi mavqeyini izchil saqlab kelmoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yilda ham Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori sifatida o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Yil davomida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 52,2 foizga o‘sib, 13,7 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda amalga oshirish borasidagi hamkorlik ham samarali bo‘lmoqda. O‘tgan davr ichida, “Xitoy-Markaziy Osiyo” gaz quvuri, Qamchiq dovonidagi Markaziy Osiyodagi eng uzun temir yo‘l tunneli, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” avtomobil yo‘li, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida 1000 MVt quvvatiga ega quyosh stansiyalari qurilishi kabi qator yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sarmoya va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xitoy kompaniyalari va moliya institutlari ishtirokida yuqori texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa sohalarda ko‘plab sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Xitoyning O‘zbekistonga kiritayotgan sarmoyasi har yili 40-50 foizga oshib bormoqda.
Inson kapitalini rivojlantirish sohasida hamkorlik
Hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli innovatsion o‘zgarishlar, raqamlashtirish jarayonlari, sunʼiy intellektning joriy etilishi mamlakatlarimiz oldiga yangidan-yangi dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Bunday sharoit davlatlarimizning hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishni taqozo etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, yaqin besh yil ichida jahon mehnat bozorida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Xususan, 83 million ish o‘rni yo‘q bo‘lishi hamda 69 million yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. O‘z navbatida, kadrlar siyosati, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Xitoyning ulkan salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan muhim yo‘nalishlardan biridir.
Bugungi kunda aynan inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda va bu borada erishilgan salmoqli yutuqlarni alohida taʼkidlash joiz.
Ayni paytda ikki mamlakat taʼlim, ilmiy-texnika muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, idoralararo dasturlar doirasida talabalar va stajyorlar almashinuvi faollashmoqda. O‘zbekistondagi oltita universitetda xitoy tili o‘qitiladi.
O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida 600 dan ortiq talaba xitoy tilini asosiy til sifatida o‘rganmoqda. Xitoy tarixi, madaniyati va anʼanalarini o‘rganishni targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida xitoy tili markazlari tashkil etilib, ular o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, o‘lkashunoslik bo‘yicha darslik va materiallar bilan taʼminlangan.
Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 1,2 mingdan ortiq fuqarolarimiz xitoy tilini o‘rganmoqda. Shuningdek, yurtimizda nufuzli Sinxua va Pekin universitetlarining filiallarini ochish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston har tomonlama ijtimoiy adolatga erishish, qashshoqlikka qarshi kurashish, o‘rta sinfni kengaytirish, farovonlik va tenglikni taʼminlash borasida Xitoy tajribasini o‘rganishdan chuqur manfaatdor.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida mintaqalararo aloqalar faollashdi. O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘ur avtonom okrugi, Shensi, Shandun, Szyansu va Szyansi provinsiyalaridan delegatsiyalar tashrif buyurdi. Mamlakatimizda Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha to‘plagan boy tajribasini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qayd qilish kerakki, davlat xizmatchilari uchun Xitoyda malaka oshirish kurslarini tashkil etish borasida ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, so‘nggi besh yil ichida 4,2 mingga yaqin davlat xizmatchisi malaka oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Malaka oshirish dasturlari kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligi, davlat boshqaruvi, tadbirkorlik, iqtisodiyot va moliya, energetika, taʼlim, turizm va boshqa sohalarni qamrab oldi.
Ikki tomonlama hamkorlikning bunday shakllari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida inson kapitali, bilim almashinuvi va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mavjud imkoniyat va resurslardan foydalangan holda tomonlar barqaror rivojlanish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.
Timur Abdullayev,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Markaziy apparati Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i