Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

17:42 - 21 Fevral 2024 Yangiliklar
1084

Unda Jamoatchilik kengashi aʼzolari, tashkilot rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar masʼullari va mutaxassislari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Kengash aʼzolari faol qatnashdi. 

Dastlab Agentlik direktorining o‘rinbosari, Jamoatchilik Kengashi raisi Amirtemurxon Musayev o‘tgan davrda O‘zbekistonda davlat xizmati sohasidagi islohotlar, tashkilotning 2023-yildagi faoliyati yuzasidan maʼlumot berdi. 

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida bir qator loyihalar amalga oshirilgani taʼkidlandi.  

Vacancy.argos.uz portali orqali o‘tkazilgan tanlovlarda 10 000dan ortiq malakali kadrlar ishga qabul qilindi, zaxira.argos.uz portali, hrm.argos.uz elektron platformasi ishga tushirildi. Davlat xizmatchilarining faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha samaradorlik.uz hamda zaxira.argos.uz elektron platformalari ishlab chiqildi.

Mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasida natija ko‘rsatganlar orasidan Salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralab olindi, nomzodlar Agentlikning tavsiyasiga asosan turli darajadagi rahbarlik lavozimlariga tayinlanmoqda.

Bundan tashqari, “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining bitiruvchilari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi. Hokim o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari faoliyati baholanib, ularning reytingi shakllantirildi. Inson resurslarini rivojlantirish borasida bir nechta nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik hujjatlari imzolandi, xorijiy malaka oshirish kurslari va xizmat safarlari tashkil etildi.

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar inson resurslariga masʼul idoralari rahbarlari yig‘ilishi, Toshkent shahrida “Davlat xizmatida iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari” mavzusida yirik xalqaro davra suhbatlari o‘tkazilganligi ham maʼlum qilindi. 

Shundan so‘ng, kun tartibiga qo‘yilgan qator masalalar muhokamasi boshlandi. 

Agentlikning Kadrlar maʼmuriyatchiligi departamenti tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishning shaffof tizimini yaratish, tanlov ishtirokchilari va g‘oliblari haqidagi tahliliy maʼlumotlar, tanlov komissiyasi aʼzolarining malakasini oshirish, shuningdek, kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha maʼlumot berildi.

Agentlikning Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti masʼullari yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib berdi, natija va mavjud muammolarni o‘rtaga tashladi. 

Yig‘ilish davomida Jamoatchilik kengashining 2024-yil 1-yarim yillik ish rejasi muhokama qilindi, tegishli taklif va tavsiyalar berildi. 

 

Chop etish