Xalqparvar, xalqqa ochiq rahbarlarga — xalqning o‘zi ko‘maklashadi

14:54 - 27 May 2024 Yangiliklar
1307

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ularni rahbarlikka maqsadli tayyorlash bo‘yicha o‘quvlar davom etmoqda.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasida davlat boshqaruvining samaradorligi ko‘p jihatdan rahbar kadrlarning salohiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Shu asosda bugungi kunda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatiga salohiyatli rahbar kadrlarni jalb qilish, zaxirasini shakllantirish hamda ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirish, bu orqali rahbar kadrlarning sifat tarkibini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi rahbarlik lavozimlariga salohiyatli va istiqbolli nomzodlarni izlab topish, ularni saralash, ko‘nikmalarini oshirish hamda yuqori lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha yangicha yondoshuv asosida qator ishlar amalga oshirildi.

Hudud, tuman (shahar) va mahalla darajasida faoliyat olib borayotgan va muayyan yutuqlarga erishgan, zarur bilim va ko‘nikmalarga, yetarli ish tajribasiga va aholi orasida obro‘-eʼtiborga ega bo‘lgan rahbar kadrlar orasidan 1167 nafari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi. Bugungi kunga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida 685 nafar nomzod o‘qitildi.

Saralangan har bir nomzodning shaxsiy va kasbiy faoliyatiga oid maʼlumotlari, bilim va ko‘nikmalari darajasi hamda psixologik holatini o‘zida aks etuvchi portfoliosi shakllantirildi.

Bunda Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar tomonidan bir yilga mo‘ljallangan Shaxsiy rivojlanish rejalari ishlab chiqildi va bajarilishi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan monitoring qilinmoqda.

Maʼlumot uchun: Shaxsiy rivojlanish rejasi mustaqil tarzda turli shakldagi o‘quv kurslari va ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etish, ijodiy faoliyat, xorijiy tillarni o‘rganish va kitob mutolaasini o‘z ichiga oladi.

Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida 56 soatlik maxsus o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Joriy yilning 27-may kunidan boshlab, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan 60 nafar nomzod uchun navbatdagi o‘quvlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Davlat boshqaruvi akademiyasida respublika darajasidagi rahbar kadrlarning shaxsiy va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan 56 soatlik qisqa muddatli malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tmoqda. Hozirda vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning Markaziy apparatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 800 nafar boshqaruv kadrlari o‘quvlarga jalb etilgan.

O‘quv kursi davomida tinglovchilarning turli yo‘nalishlarda kompetensiyalari yana-da oshiriladi, rahbarlik ko‘nikmalari rivojlantiriladi.  Madaniy tadbirlar doirasida muzey va teatrlarga tashrif buyurildi.

Chop etish