Qarindoshning sudlanganligi — shaxsga davlat fuqarolik xizmatiga kirishda to‘siq bo‘lmaydi

09:38 - 10 Iyul 2024 Yangiliklar
992

Kuni-kecha Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

2023-yil 30-apreldagi Referendum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Xususan, Konstitutsiyaning 37-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega ekanligi belgilandi, Konstitutsiyaning 28-moddasida esa «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas» degan qoida kiritildi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini va qonuniy manfaatlarini so‘zsiz taʼminlashga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi qabul qilindi, mehnat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarning normalarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqib, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunga va Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bunda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunga va Mehnat kodeksiga qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni o‘tash chog‘ida fuqarolarning huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi bilan bog‘liq huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuni taʼqidlash lozimki, shaxs huquqlarini asossiz cheklash, jumladan, sudlanganligi munosabati bilan cheklash mumkin emasligi BMTning 1966-yil 16-dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt normalarida umumiy holda belgilangan. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi umumiy holda Polsha, Serbiya, Ispaniya va boshqa davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi — yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolar himoyasi huquqiy kafolatlarini kuchaytirishiga xizmat qiladi.

 

Shuxrat MAMADJANOV,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

departament mudiri o‘rinbosari

Chop etish