O‘zbekistonda ilk marotaba rahbarlikka tayyorlaydigan qo‘shma taʼlim dasturi ish boshladi

12:31 - 16 Sentabr 2024 Yangiliklar
1595

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Olaf Shols qo‘shma Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etishdi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi  va Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan Xanns Zaydel jamg‘armasi hamda Bavariya davlat boshqaruvi maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Dastur 2023-yilda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi  va  Xanns Zaydel jamg‘armasi o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirildi. 

O‘zbekistonda ilk bora xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilayotgan “Hokimlikka tayyorlash maktabi” qo‘shma taʼlim dasturi eng avvalo zamonaviy sharoitlarda boshqaruv kadrlarining kasbiy bilim va saviyasiga qo‘yilaѐtgan talablarni hisobga olgan holda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi rahbar kadrlarning zaxirasini yaratishni maqsad qilib olgan.

Bunda, tinglovchilarda mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlanish sohasidagi chuqur va amaliyotga yo‘naltirilgan, strategik rejalashtirish, gorizontal va vertikal munosabatlar tizimiga oid bilimlarni, davlat va hududiy dasturlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli ijro etish ko‘nikmalarini shakllantirishga oid mavzularga ustuvorlik beriladi.

Dastur 4 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, ishtirokchilar 6 hafta davomida ish joyidan ajralgan holda Akademiyada auditoriya mashg‘ulotlarida ishtirok etadi, hafta o‘z ish joylarida mustaqil taʼlim oladilar, vazirliklarda va hokimliklarda stajirovka o‘taydilar. Shuningdek, attestatsiya natijalariga ko‘ra yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 20 nafar tinglovchi kun Germaniyada o‘quv stajirovkasini o‘taydi.

Taʼlim dasturi davomida har bir tinglovchi o‘z tumani (shahri)ning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha loyihasini ishlab chiqadi. Tinglovchilarning loyiha ishlariga Akademiya professor-o‘qituvchilari va mahalliy ekspertlar rahbarlik qilib boradi. 

Taʼkidlash kerakki, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan dastur ishtirokchilari sifatida bugungi kunda tuman (shahar) hokimlari lavozimiga zaxiraga olingan kadrlar orasidan ularning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) muvofiq, 56 nafar nomzod tanlab olindi.

Mazkur dasturda ishtirok etish boshqaruv kadrlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha professional kompetensiyalarini oshirishga, shuningdek, ularning ilg‘or xorijiy tajriba bilan tanishishlari uchun keng imkoniyat yaratadi.

Shu bilan birga, ularning davlat boshqaruvining siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslari, shaharsozlik va qurilish industriyasi, muhandislik kommunikatsiya va uy-joy kommunal xo‘jaligini samarali yuritish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda ham bilim va ko‘nikmalari rivojlantiriladi.


 

Chop etish