Toshkentda “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

15:01 - 22 Oktabr 2024 Yangiliklar
126

Loyiha O‘zbekiston va Koreya hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, u mamlakatimizda davlat xizmatini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, kadrlar salohiyatini boshqarish va rivojlantirish (HRM) bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, pilot vazirliklarda biznes jarayonlarining reinjiniringini (BPR) o‘tkazishga yo‘naltirilgan.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati, Koreya Davlat boshqaruvi instituti (KIPA) masʼullari, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi ofisi va Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” nomli Q-DEEP loyihasi ishtirokchilari, vazirlik va idoralarining inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari rahbarlari qatnashdi. 

Taʼkidlash kerakki, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning 2024-yil 13-15-iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Koreya Personalni boshqarish vazirligi o‘rtasida davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish hamkorlik rejasi bo‘yicha Bitim imzolangan edi.

Belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash maqsadida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” nomli Q-DEEP loyihasi ishlab chiqildi. 

Bugun ushbu loyihani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim avvalida Agentlik direktori o‘rinbosari A.Muxitdinov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar, xalqaro hamkorlik masalalariga alohida to‘xtaldi. Loyihaning istiqbollari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. 

Shundan so‘ng, “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” nomli Q-DEEP loyihasi rahbari Jeong Seok Kang davlat xizmatini rivojlantirish sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish muhimligini taʼkidlagan holda, bu jarayonda nafaqat Koreya Respublikasi tajribasini o‘zbekistonlik mutaxassislarga o‘rgatish, balki koreys tomonining ham sohada O‘zbekiston tomonidan erishilayotgan yutuq va tajribalarni o‘rganishga ehtiyoji mavjudligini qayd etdi. Davlat xizmatchilari malakasini oshirishning zaruratini turli misollar yordamida tahlil qildi. 

Marosim davomida Loyihani amalga oshirish rejasi muhokama qilindi.

Sessiyalarda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyati, O‘zbekistonda inson resurslarini boshqarish tizimining joriy holati, Koreyaning inson resurslarini boshqarish tizimi, tashkiliy diagnostika vositalari va ulardan foydalanish masalalarida qilingan taqdimotlar qizg‘in muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun: “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” 7 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, joriy yilning oktyabr oyida boshlanib, 2025-yilning aprelida yakunlanishi rejalashtirilgan. Loyiha davomida tadqiqotlar asosida inson resurslarini boshqarish modelini ishlab chiqish, BPR tahlilini qilish uchun so‘rovnoma tuzish, HRM va BPR modelini sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 

Chop etish