Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali faoliyati yuzasidan jamoatchilikka maʼlum qilindi
Bugun AOKAda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati rahbari Sevara Zakirova ishtirokida Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali faoliyati yuzasidan brifing tashkil etildi.
Taʼkidlash kerakki, bugun Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ga bugungi kunda 68 ta davlat organi va tashkilotlari, hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklari, ularning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari ulangan.
Joriy yilning 10 oyi davomida ushbu tashkilotlardagi mavjud vakant lavozimlariga 30 670 ta tanlovlar eʼlon qilindi. Tanlovlarda jami 1 mln 50 ming nafar nomzod tanlovda ishtirok etish uchun ariza yuborgan bo‘lib, bitta vakant lavozimga o‘rtacha 34 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda.
Bugungi kunda tanlovlarning 538 tasi — hujjat topshirish jarayonida, 2 155 tasi hujjat topshirish muddati tugallanib test va suhbat o‘tkazish jarayonida, 27 977 tasi bo‘yicha esa tanlov yakuniga yetgan.
Joriy yilning 4 noyabr kuni holatida, vacancy.argos.uz portalida davlat organlari va tashkilotlaridagi 310 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlovlar eʼlon qilingan.
Davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov orqali ishga qabul qilish boshlangandan buyon o‘z tizimidagi vakant lavozimlar uchun eng ko‘p tanlov tashkil etgan tashkilotlar:
— Yoshlar ishlari agentligi;
— Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;
— Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi;
— Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
— Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
— Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi;
— Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
— Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
— Prezident huzuridagi Statistika agentligi.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida tuman (shahar) hokimliklari tizimida – 1 781 ta vakant lavozimlarga portal orqali eʼlon berildi.
Tanlovlar hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 1 436 ta, Andijon viloyati – 2 317 ta, Buxoro viloyati – 1 994 ta, Jizzax viloyati – 1 317 ta, Qashqadaryo viloyati – 3 111 ta, Navoiy viloyati – 3 767 ta, Namangan viloyati – 1 711 ta, Samarqand viloyati – 3 028 ta, Sirdaryo viloyati – 1 369 ta, Surxondaryo viloyati – 2 015 ta, Toshkent shahar – 1 324 ta, Toshkent viloyati – 1 783 ta, Farg‘ona viloyati – 2 712 ta, Xorazm viloyati – 1 640 ta hamda vazirlik va idoralarning markaziy apparati – 1 146 ta tanlovlar o‘tkazgan.
Tanlov yakuniga yetgan 27 977 ta vakant lavozimlarning 16 825 tasi (60%) malakali xodimlar bilan jamlandi, 11 152 ta (40%) vakant lavozimlarga esa qayta tanlov eʼlon qilindi.
Tanlov g‘oliblarining 6 025 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 5 918 nafari ayollar, 2 723 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali orqali eʼlon qilinayotgan tanlovlar yuzasidan savollar va takliflar yuzaga kelganda Agentlikning 71-239-34-76 raqamli telefoni yoki Telegram tarmog‘idagi vacancy_argos_bot orqali murojaat qilish mumkin.