HR bo‘linmalari rahbarlari Rahbar kadrlarni baholash markazi faoliyati bilan tanishishdi
Ayni kunlarda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari uchun o‘quv tashkil etilgan.
O‘quv doirasida HR bo‘linmalari rahbarlari Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazida zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan assessment sinovlaridan o‘tish jarayonlari bilan tanishtirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar markazning innovatsion yechimlari va ilg‘or metodlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ularga amaliyotga asoslangan o‘quv mashg‘uloti davomida rahbar kadrlarning kasbiy malakalarini yana-da takomillashtirish yo‘nalishida zaruriy maʼlumotlar berildi.
Bu saʼy-harakatlar davlat boshqaruvi tizimida inson resurslari bilan ishlash madaniyatini yuksaltirishga, kadrlarning zamonaviy talablarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘quv amaliyoti uch kun davom etib, unda 60 nafardan ortiq masʼullar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.