Davlat idoralari rahbar kadrlari Samarqandda malaka oshirdi

10:58 - 14 Iyun 2022 Yangiliklar
586

Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlaridagi davlat organlari va tashkilotlari rahbar kadrlari uchun bir haftalik malaka oshirish kursi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filialida tashkil etildi.

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiali hamkorligida tashkil  etilgan o‘quvda Samarqand viloyatidan iqtisodiy kompleks rahbarlari – viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi, investitsiya va tashqi savdo hamda viloyat bo‘yicha g‘aznachilik boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyati filiallari xodimlari ishtirok etdi.

Malaka oshirish kursi davomida tinglovchilarga 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati sohasidagi tub o‘zgarishlar, davlat xizmatida halollik standartlari, zamonaviy menejment usullari kabi mavzularda Davlat boshqaruv akademiyasi va uning hududiy filiali professor-o‘qituvchilari tomonidan maʼruzalar o‘qildi, vebinarlar o‘tkazildi.

Tinglovchilarning soha yuzasidan amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Samarali muloqot”, “Boshqaruv ko‘nikmalari”, “Taym-menejment”, “Jamoani shakllantirish” kabi mavzularda trening mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi.

— O‘quv davomida tinglovchilarga nazariy, amaliy bilimlar uyg‘unlashgan holda o‘rgatilishi ularning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, boshqaruv mahorati va ko‘nikmasini rivojlantirishga yordam beradi, — dedi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori R. Umarova. — Qisqa muddatli malaka oshirish kursi davomida rahbarlar olgan bilim, malaka hamda ko‘nikmalari ular boshqarib kelayotgan tashkilotda sohani rivojlantirishga, tashkilotdagi xodimlarni o‘z vakolatlari doirasida to‘g‘ri yo‘naltirishga hamda ish samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.

Manba: O‘zA

Chop etish