Respublika bo‘ylab quyi bo‘g‘indagi davlat xizmatchilar malakasini oshirmoqda
Yillar davomida quyi ijro etuvchi tuman (shahar) hokimliklari mutaxassislarining kasbiy tayyorgarligini oshirish, bilim va ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan malaka oshirish va qayta tayyorlash o‘quv kurslari tashkil etilmagan.
O‘zbekistonda ilk bor joriy yilning yanvar oyidan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari uchun sohaviy qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
O‘quv kurslariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi jami 1 ming 300 nafardan ortiq tuman (shahar) hokimliklari mutaxassislari jalb etilgan.
Maqsad — tinglovchilarning sohasida samarali faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan siyosiy-huquqiy, kasbiy bilimlarini oshirish, keng jamoatchilik va aholi bilan samarali muloqot qila olish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Mazkur kurslar bevosita quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilarining takliflari va kundalik mehnat faoliyatidagi zaruriy ehtiyojlari asosida shakllantirilgan dolzarb mavzular bo‘yicha sohaning tajribali amaliyotchi mutaxassislari hamda oliy taʼlimning salohiyatli professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilmoqda.
Rivojlangan, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, tahlilar shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropa mamlakatlarida malaka oshirish kurslari davlat xizmatchilarining o‘z vazifalarini sifatli bajarishi hamda professional rivojlanish jarayonlari uzluksiz va majburiy ekanligi bilan xarakterlanadi.
Buyuk Britaniyada malaka oshirish davlat xizmatini professional rivojlantirishning besh yillik rejalari asosida amalga oshiriladi. Bunda davlat xizmatchilari uchun zurur bo‘lgan kasbiy bilim va ko‘nikmalarga oid masalalar bo‘yicha mavzular o‘qitiladi.
Germaniyada davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash doirasida ko‘plab taʼlim dasturlari mavjud. Bu dasturlar davlat xizmatchilarining boshqaruv ko‘nikmalarini takomillashtirish va egallagan lavozimlariga mos malakasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni amalga oshirish hamda davlat xizmatining barqarorligi, ishonchliligi va samaradorligini taʼminlash ko‘p jihatdan davlat xizmatchisining kasbiy tayyorgarligi, bilim va ko‘nikmasiga bog‘liqdir. Shunga ko‘ra, Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda yangilab borishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Birgina 2022-yil davomida 90 dan ortiq o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib, unda jami 62 ming 574 nafar davlat xizmatchilarining malakasi oshirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2021-yilda tashkil etilgan kurslarga nisbatan 3.5 barobar ko‘p ekanligini qayd etish lozim.