Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jahon banki vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

14:15 - 5 Iyun 2024 Yangiliklar
1020

Joriy yilning 4-iyun kuni Jahon banki ekspertlari tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatida xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini isloh qilish: Xorvatiya va Ruminiya tajribasi” mavzusida onlayn taqdimot tashkil etildi.

Muloqotda Jahon bankining yetakchi mutaxassislari Pedro Arizti, Dimitri Vasile, Shixo Nagaki va Izza Akram Malik, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi masʼul vakillari ham ishtirok etdi. 

Taqdimotda Jahon bankining ekspertlari Xorvatiya va Ruminiyaning davlat sektorida mehnatga haq to‘lash tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilgan loyihalar va ularning natijalari xususida atroflicha maʼlumot berishdi. Xususan, ushbu davlatlarda mehnatga haq to‘lashning yangi tizimi adolat, shaffoflik, ichki kelishuv va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan. 

Uchrashuvda davlat xizmatida mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini yagona standartga olib kelish, xodimning shaxsiy ko‘rsatkichlari va faoliyat samaradorligi bilan bog‘lash, lavozim (kasb) va funksiyalar tahlilini o‘tkazish zarurligi taʼkidlanib, bu borada Yevropa mamlakatlarida erishilgan natijalar muhokama qilindi.  

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda davlat xizmati jozibadorligini yana-da oshirish, shu jumladan, davlat xizmatchilariga mehnatga haq to‘lash(xodimning shaxsiy ko‘rsatkichlari va faoliyat samaradorligi bilan bog‘lash masalasi) va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qilishdi. 

Jahon banki vakillari ushbu sohada xalqaro miqyosda tan olingan ilg‘or tajribalarni joriy etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Chop etish